Mehr-saxovat va inson qadri ulug‘langan yurt
Yurtimizda Qurbon hayiti azaldan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik timsoli sifatida qadrlanadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bu muqaddas ayyom nafaqat diniy bayram, balki aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam ko‘rsatishning muhim institutiga aylanib bormoqda.
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 22-may kuni qabul qilingan “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror ayni shu ezgu maqsadlarni hayotga tatbiq etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Navoiy viloyatida ham ushbu qaror ijrosi doirasida joylarda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, og‘ir kasallikka chalingan bolalarni sog‘lom hayotga qaytarish, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolalar aniqlanib, ularni davolash va jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqildi.

– Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 139 nafar bola ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning aksariyatiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish choralari belgilangan, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Bafoyev. – Shundan 92 nafari konservativ va 47 nafari operativ davolanishi ko‘zda tutilgan. Mehr-muruvvat karvoni o‘z harakatini viloyat bo‘ylab to‘xtatgani yo‘q. Vaucherlar aholining ehtiyojidan kelib chiqib Respublikamizdagi barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida foydalanish uchun o‘z egalariga yetkazilmoqda.

Eng muhimi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “inson qadri uchun” tamoyili bugun amalda o‘z ifodasini topmoqda. Ilgari mablag‘ yetishmasligi sababli davolanish imkoniga ega bo‘lmagan ko‘plab bolalar endilikda zamonaviy tibbiy xizmatdan bepul foydalanmoqda.

– Qizim Sadiya Avazova 2,5 yoshda. Ikkala qo‘l va oyoq barmoqlarining rivojlanishdan ortda qolishi xavotirimizni yil sayin oshirib kelardi, – deydi Nigora Isayeva. – Bayram arafasida berilgan vaucher orqali endilikda qizim zamonaviy tibbiy texnologiyalar yordamida, malakali ortoped va travmatologlar nazoratida bepul va sifatli davolanish hamda jarrohlik amaliyotini o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, Nurota tumani Nurobod mahallasida istiqomat qiluvchi Feruza Zikriyoyevaning farzandi Umarbekka ham maxsus vaucher ajratildi. Qovoq churrasi tashxisi bilan ro‘yxatga olingan bolajon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Bu esa tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson taqdirida naqadar muhim o‘rin tutayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Bugun mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, “xonadonbay” tizimi asosida aholi muammolarini o‘rganish amaliyoti orqali tibbiy yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olinib, ularga manzilli ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bu yondashuv insonni rozi qilish, uning dardiga quloq tutish va muammosini joyida hal etishdek ezgu tamoyillarni mustahkamlamoqda.
Xatirchi tumanida ham mehr-muruvvat tadbirlari doirasida 11 nafar bemor bolaga jarrohlik amaliyotlari uchun vaucherlar topshirildi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va yolg‘iz yashovchi 1915 nafar oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bu ishlar xalqimizga xos bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirmoqda.
Eng muhimi, bu kabi xayrli tadbirlar insonlarda ertangi kunga ishonch uyg‘otmoqda. Qurbon hayiti arafasida amalga oshirilgan bunday ezgu ishlar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik qadriyatlarining yorqin ifodasi bo‘lib, yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri