Mehr-muruvvatga yo‘g‘rilgan bayram
Jizzax viloyati Paxtakor tumani hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamkorligida tumanda istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bayram dasturxoni yozildi.
Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy mafaatlarini ta’minlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ayni paytda tumanda 1 ming 631 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydi, shundan 371 nafari 18 yoshgacha, 1 ming 260 nafari katta yoshdagi fuqarolardir.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxslardan 30 nafariga nogironlik aravachasi, 24 nafariga eshitish moslamasi, 9 nafariga qo‘ltiqtayoq, 12 nafariga hassa, 3 nafariga yuruvchi moslama kabi reabilitatsiya vositalari yetkazib berildi.
[gallery-9835]
Joriy yil davomida tumandagi 330 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan fuqarolarga saxovat va ko‘mak jamg‘armasi tomonidan 505 million so‘mlik pul ajratildi. Tumandagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga olinib, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Bayram arafasida ushbu yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, saxovatpesha insonlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Bundan tashqari, viloyatda nogironlarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tibbiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy, xayriya tadbirlari dekabr oyi oxirigacha davom etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA