Mehr-muruvvat tadbirlari davom etmoqda
Buxoro viloyati 4-sektor ishchi guruhi hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, xususan, nogironligi bo‘lgan hamda yordamga muhtoj fuqarolarga doimiy ravishda muruvvat yordamlarini ko‘rsatib kelmoqda.
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Buxoro viloyati ko‘zi ojizlar jamiyati” Kogon tumani Kengashining 200 nafardan ortiq a’zolari uchun 4-sektor tomonidan bayram tadbiri uyushtirildi.Unga sektor hududidagi Qorovulbozor va Kogon tumani hamda Kogon shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar taklif etildi.

–Taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru e’tiboridan chetda qolmaydi, –deydi Buxoro viloyati DSB boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Muxamedov. – Bu borada nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sana munosabati bilan o‘zining mehnati va qobiliyati bilan ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi faol ishtiroki uchun bir guruh nogironligi bor fuqarolarga minnatdorchilik bildirildi.
Tadbirning badiiy qismida nogironligi bo‘lgan fuqarolarimiz uchun bayram dasturxoni atrofida konsert dasturi tashkil etildi. Unda san’atkorlar o‘zlarining dilrabo kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etdi.
Zarif Komilov, O‘zA