“Mehnatobod”da ko‘chat eksport qilinadi
Bog‘lar yaratish, manzarali daraxtlar ekish savobli ish bo‘lib, ezgu qadriyat aylangan. Xususan, Farg‘ona viloyatida kaftdek yerda turli ko‘chatlar parvarishlab, millionlab daromad olayotgan oilalar ko‘p. Bu borada quvaliklar o‘ziga xos maktab yaratgan bo‘lsa, keyingi yillarda boshqa hududlarda ham bu ommalashib borayotir.
Urug‘ni yerga qadab, parvarishlab, payvandlab, mevali ko‘chatga aylantirish uchun dehqondan katta sabot, mehnatga ijodkorona yondashuv talab etiladi. Farg‘ona tumanidagi “Mehnatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini ahli ko‘chat yetishtirish hadisini olgan. Qish ostona xatlagan bo‘lsada tomorqa, bog‘dorchilik yumushlari avjida. Shudgorlangan maydonlarga danak ekish boshlandi. Tuproq haroratida danaklardan ungan nihollar bahor quyoshida asta bosh ko‘taradi. Avgust oyi navlarni saralash, payvandlashda muhim palla hisoblanadi. Ko‘chat yetishtirish, payvandlashda o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lgan mehnatobodliklar yilning to‘rt faslida yaxshi daromad topadi.
Mirishkorlikda Bekzod Zokirovga yetadigani yo‘q. Yosh bo‘lsada ko‘chat yetishtirish, payvandlash ishlarida tajribasi katta.
-Ayni kunda o‘n sotix maydonga danak ekdik, bu o‘n ming tup ko‘chat degani,- deydi yosh bog‘bon. -Bir dona nihol ko‘chat holiga kelguncha uch yil fursat talab etiladi. Hozirda 10 ming tup o‘rik, bodom, olma, shaftoli, gilos navlari bahorgi ekish mavsumiga tayyor. Bu 50 million so‘mdan ortiq daromaddir. Bundan tashqari, aholi talabiga mos bo‘lgan intensiv ko‘chatlarni parvarishlashni yo‘lga qo‘ydik. Shu maqsadda Qirg‘izistondan “Krepson“, “Oq olma”, Turkiyadan gilos navlarini olib kelyapmiz.
Mehnatobodliklar yetishtirgan ko‘chat navlari serhosilligi, yaxshi tup olishi bilan ajralib turadi.
- Mahallamizda ko‘chat yetishtirish tajribalari ommalashib bormoqda, -deydi fuqarolar yig‘ini raisi Shuhratjon Mamajonov.- Jumladan, Janubiy Koreya va Serbiyadan yangi nok navlari olib kelinib mahalliylashtirildi. Nihollar erta va sifatli hosil berish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Hududimizda 50 gektar tomorqa bor. Shu kungacha o‘nta yangi issiqxona qurildi. Bu yerda ertangi bodring, pamidor, sitrus mevalar yetishtirilmoqda.
“Oq yo‘l baraka” fermer xo‘jaligi mevali va manzarali ko‘chat yetishtiruvchi bog‘bonlar bilan ijara asosida ish olib bormoqda. Joriy yilda fermer bog‘larida yetishtirilgan 1 millon 200 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eskporti amalga oshirildi. Buning 60 ming dollari sara ko‘chatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
M. Sulaymonov, O‘zA