Mehnati ortidan hurmat qozongan chilangar
Oramizdagi zamondoshlarimiz
“Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi avariya brigadasi chilangari Farhod Otaqulov 33 yildan buyon chilangarlik kasbini ulug‘lab kelmoqda. U kuz-qish mavsumida mas’uliyat hissi yana bir karra oshishini yaxshi biladi. Qahramonimiz gaz sizib chiqish holatlari yoki boshqa gaz bilan bog‘liq nosozliklar kuzatilganda chaqiruv qabul qilib, tezkorlik bilan aytilgan manzilga yetib boradi. Holat bartaraf etilgach, iste’molchiga tabiiy gaz va gaz jihozlaridan to‘g‘ri hamda xavfsiz foydalanish, beparvolik esa is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasi chaqnashi kabi ko‘ngilsiz voqelarga sababchi bo‘lishini atroflicha tushuntiradi.

Albatta, gazchilar uchun kuz-qish mavsumi har qachongidan-da mas’uliyatli palla hisoblanadi. Bu vaqtda iste’mochilarga tabiiy va suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish, aholi murojaatlarini tezkor bartaraf etish muhim sanaladi. Aslida, ular yil 12 oy – 24/7 rejimida ish faoliyatini olib boradi. Ayniqsa, avariya brigadalari gaz bilan bog‘liq tasodif holatlarda fuqaroga ko‘mak berish maqsadida doimiy tayyorgarlikka ega bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limida ham kuz-qish mavsumi uchun avariya zaxiralari shay holatga keltirilgan. Avariya dispetcherlik mashinasi barcha zarur jihozlar, 45 turdagi vositalar bilan ta’minlangan. Bu esa kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar, gaz sizib chiqish holatlari va boshqa hodisalarning oldini olishga qaratilgan amaliy harakatlardir.
– Kuniga o‘ntagacha chaqiruvlar bo‘yicha aytilgan manzilga yetib boramiz, – deydi F.Otaqulov. – Bugun ertalab ham shahardagi mahallalardan birida elektron gaz hisoblash uskunasidan gaz sizib chiqayotganligi haqida chaqiruv oldik. Aytilgan manzilga borib, gaz sizib chiqish holatini bartaraf qildik. Ishimiz juda mas’uliyat va hushyorlikni talab qiladi. Gohida qishda avariya holatlari ro‘y berib, yarim kechgacha gaz quvurlarini ta’mirlash ishlari bilan band kunlarimiz ham bo‘lgan. Aholiga tabiiy gazni yetkazib berish, ularga qulaylik, yaxshi sharoit yaratishga hissamiz qo‘shilayotganini o‘ylasam ishdagi qiyinchiliklar unutiladi. Kasbimdan faxrlanaman, chilangarlikni tanlaganimga hech qachon afsuslanmaganman.
O‘ttiz uch yil. Aslida bu vaqt ortida F.Otaqulov kabi chilangarlarning mehnatga, sabrga, matonatga, sodiqlikka to‘la ish faoliyati, zalvorli umr yo‘li bor. Bu yillar chilangarning matonatini, kasbiga bo‘lgan jonkuyarligini sinovdan o‘tkazgan. Bugun ana shu mehnatsevarlik sabab Farhod Otaqulov jamoada ham obro‘ga, hurmatga ega insonlardan biri. Oilada esa ikki qizning otasi, uch nafar nabiraning sevimli bobojonisi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri