Mehnatdan qadr topayotganlar
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Ushot mahallasida 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda yashovchi aholi tomorqadan unumli foydalanish, tadbirkorlik haddisini olgan.
Ushot mahallasida hunarmandchilik, dehqonchilik, issiqxona, chorvachilik va tadbirkorlik rivojlangan. 712 ta xonadonning barchasida o‘rtacha 9-10 sotixdan tomorqasi bor. Yuzdan ortiq xonadonda issiqxona tashkil etilgan.
Joriy yilning aprel oyida zamonaviy mahalla guzari, oilaviy poliklinika, hunarmandchilik markazi, go‘zallik saloni, maishiy xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik ob’ektlarining qurilgani mahalla ahlini juda xursand qildi. Yo‘laklar tartibga keltirilib, obodonlashtirildi, bolalar o‘yingohlari tashkil qilindi. Uchta ko‘cha asfaltlandi, bitta bolalar bog‘chasi qurildi. Mahalla ko‘chalariga 100 dan ziyod tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Bu yerda mahalla yettiligi – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi va ijtimoiy xodim faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratildi. Bitta maktab, to‘rtta bolalar bog‘chasi, o‘nlab tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.
Mahalladagi hunarmandchilik markazida 150 dan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Ular kashtachilik, zardo‘zlik, tikuvchilik va qandolatchilik bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, bu yerda hunarmandchilikning tandirchilik yo‘nalishi rivojlangan. 258 ta xonadon tandirchilik bilan shug‘ullanadi.
Masalan, mahallada yashovchi G‘aybulla Mo‘minov tandirchilar sulolasining beshinchi avlodi hisoblanadi. Hunarmand oila a’zolari va shogirdlari bilan yiliga 1600 ta tandir tayyorlab sotadi. Tandir uchun tuproq tumandagi O‘rta cho‘l massivi hududidan keltiriladi. Bu tuproqdan yasalgan tandir tez qiziydi, issiqqa chidamli va kam o‘tin sarflanadi. Shu bois xaridorgir. Hunarmand ichki bozordan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Estoniya kabi davlatlarga ham mahsulot yetkazib beradi.
– Eng yaxshi tandir bug‘doy o‘rimi paytida yasaladi, – deydi hunarmand tandirsoz G‘aybullo Mo‘minov. – Chunki jazirama issiq kunda loy yaxshi quriydi. Takror ishlovdan so‘ng zarang qotgan tandirni chertib ko‘rsangiz, jarangdor ovoz chiqaradi. Xaridorlar esa tandirni aynan jaranglagan ovoziga qarab tanlashadi.
Bugungi kunda ham tandirsozlik hunari eskirmagan, “ustoz-shogird” an’anasi asosida navqiron avlod qo‘lida sayqal topmoqda. Birgina Ushot qishlog‘ida 150 dan ziyod oila ushbu kasb-kor bilan shug‘ullanmoqda. Ular tomonidan har yili 20 ming donadan ziyod tandir tayyorlanib, nafaqat viloyat tumanlari, mahalla va qishloqlariga, boshqa viloyatlarga ham buyurtma asosida yetkazilmoqda. Tandirsozlikdan oladigan bir yillik daromadi 340 million so‘m. Bundan tashqari, dehqonchilik, asalarichilik va chorvachilikdan ham yaxshigina foyda ko‘radi.
[gallery-17663]
Hunarmand Qurbon Jabborov xonadonida esa bir yilda 1300 ta tandir tayyorlanadi. Olti nafar xonadon egasi bandligi ta’minlangan, asosiy daromad tandirchilikdan. Ya’ni, bir yilda 348 million so‘mlik mahsulot sotadi. Xonadondagi kichik issiqxona, asalarichilikdan ham qo‘shimcha daromad oladi.
Zarif Komilov,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari.