Mehnat qadr topgan makonga qulluq
Qo‘qon shahridagi Bekbo‘tabek mahallasida usta Abdulhay otaning serfayz ustaxonasi bor. U yerda 20 dan ortiq turdagi ot anjomlari tayyorlanadi. Hunarmanddan alohida iqtidor va mahorat talab etadigan bu ishning mashaqqati, o‘ziga xos rohatini Abdulhay Isoqov juda yaxshi biladi.
Er yigitlarning mardligi, shijoati, qat’iyati timsoliga aylangan otni, el tili bilan aytganda, “kiyintirmoq” har qanday ustaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Usta otning to‘qim, jazliq, jugan, ayil, quyushqon singari, asosan, teridan ishlangan anjomlarini yasashni boshlagani, ushbu hunarini o‘z taqdiri, hayoti mazmuni deb bilganiga ham o‘n yildan oshgan. Farzandlari Abdulazizxon va Umarxonlarning ham bu ishga ishtiyoqi baland. Respublika va Markaziy Osiyo davlatlarida o‘tkazilgan o‘nlab xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmalarida usta va uning shogirdlari yasagan mahsulotlar namoyish etilgan, ishtirokchilarning alohida e’tiborini tortgan. Ustaning o‘z ishiga mas’uliyat va sinchkovlik bilan yondashishi u yaratgan mahsulotlarda yaqqol ko‘zga tashlanib, mamlakatimizning Toshkent, Andijon, Namangan, Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo kabi viloyatlarida o‘z xaridorini topgani bejiz emas.

Eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz Farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan ustaning quvonchi cheksiz.
– Mehnat qadr topgan makonimizga qulluqlar bo‘lsin, – deydi Abdulhay ota. – Yurtimizda hunarga, uni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetadi. Ayniqsa, Farg‘onada hunarmandchilikning ko‘plab turlari bo‘yicha sulolalar shakllanib kelayotgani, ustalarimizga uy-ustaxona, uy-muzeylar tashkil etishlari uchun ko‘mak berilayotgani barchamizni quvontiradi. Yurtboshimizning bugungiday e’tibori va yuksak rag‘batidan men kabi hunar ahli behad minnatdor.
M. Sulaymonov, O‘zA