Mebelsozlik klasteri tashkil etildi
Yangiyer shahrida loyiha qiymati 10 million AQSH dollari bo‘lgan yangi mebelsozlik klasterining ilk ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, xitoylik hamkorlar, tadbirkorlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Avvallari faqatgina DSP doskalari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullangan korxona vakillari Xitoyga tashrifi davomida hamkor topib, o‘z faoliyatini yanada kengaytirishga erishdi.
[gallery-14966]
Endilikda bu yerda yiliga 35 milliard 465 million so‘mlik import o‘rnini bosuvchi 3 million metr kvadrat DSP va MDF, shuningdek, turli xildagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uskunalar Xitoy va Turkiyadan keltirilgan.
–Buning uchun Xitoyning “Beijing Goods Jiangsu New Material" kompaniyasi 4 million dollar miqdorida sarmoya kiritgan. Yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni 100 tani tashkil etmoqda. Kelgusida eksport hajmini 1,5 million dollarga, ish o‘rinlarini esa 500 taga yetkazish rejalashtirilgan, – deydi korxona rahbari Otabek Xaytmetov.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari