Maxonko‘lning tashlandiq yerlari obod bo‘lmoqda
Buxoro viloyati Jondor tumani markazidan 20-25 kilometr olisda joylashgan Maxonko‘l massivining qum barxanlarga tutash ekin maydonlari xazinaga qiyoslangan.
Unumdorligi yuqori Moxonko‘lning ekin yerlari uzoq yillar yulg‘unzor, tashlandiq joyga aylangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 sentyabrdagi “Boshoqli don yetishtirishda klaster tizimini bosqichma- bosqich joriy etish orqali yuqori hosildorlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida “Moxonko‘l hududida tashkil etilgan “Yakkatut” g‘allachilik va urug‘chilik klasteri qisqa muddatda cho‘lga, sahroga dehqonchilik madaniyatini olib kirdi.

– Birinchi navbatda zamonaviy texnikalar sotib olindi, – deydi korxona bosh mutaxassisi Ahtam Jabborov. – Yerlarni qayta o‘zlashtirib, yanada kengaytirishga kirishildi. – Hozirga qadar klaster tomonidan juda katta ishlarga qo‘l urildi. Yerga yer qo‘shish, kichik konturlarni katta maydonlarga aylantirish, irigatsiya-melioratsiya tadbirlarini sifatli yo‘lga qo‘yilishi o‘zining dastlabki samaralarini bermoqda. Eng muhimi bu yerda chetdan keltirilgan g‘allaning 3 ta serhosil navlari ekildi. Undan olinayotgan urug‘ Buxoro viloyatiga tarqatilmoqda.

“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida ishlayotgan klaster 10 ta o‘rim kombayni, yuqori sifatli un ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy tegirmon hamda so‘nggi texnologiyalar asosida ishlayotgan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalariga ega. “Yakkatut” g‘allachilik va urug‘chilik klasteri yangi tizim afzalliklarini namoyon etib, jamiyat rivoji va aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Moxonko‘l massivida zamonaviy turar joy binolari qurilishi ham rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA