Mavsum oldidan yig‘ilish o‘tkazildi
Yangi mavsum oldidan futbol hayoti yana qizg‘in pallaga kirmoqda. Birinchi liga 2-turi doirasida "Guliston" jamoasi “Yangiyer” markaziy o‘yingohida "Ahmedov FA" jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuv “Guliston” uchun yangi mavsumdagi uydagi ilk rasmiy o‘yin sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur bahs oldidan o‘yinni yuqori saviyada tashkil etish, muxlislar uchun munosib muhit yaratish hamda stadion tayyorgarligini ta’minlash maqsadida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Guliston klubi prezidenti Oybek Ashurmatov, Yangiyer shahri shahar hokimi Otabek Nosirov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buronov, viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Rustam Qodirov hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida o‘yinni tashkil etish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, stadion infratuzilmasini tayyorlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, jamoat tartibini ta’minlash, tibbiy xizmat va muxlislar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, uchrashuvni yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, muxlislar uchun haqiqiy futbol bayramini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Muhimi, yangi mavsumdan umidimiz katta. O‘tgan mavsumda erishilgan natijalar, shuningdek, o‘yinlar jarayonida yo‘l qo‘yilgan texnik xato va kamchiliklar chuqur tahlil qilinib, ulardan tegishli xulosalar chiqarildi. Jamoa tayyorgarlik ishlari yangi talablar asosida yanada kuchaytirildi. Bugungi kunda barcha sa’y-harakatlar Guliston jamoasining yangi mavsumda yuqori natijalar qayd etishi, o‘yin sifati va jamoaviy harakatni yanada yaxshilashiga qaratilgan. Shu bilan birga, jamoa o‘yinchilari, murabbiylar shtabi va tashkilotchilar uchun ham, eng muhimi, Sirdaryo viloyatining ko‘p ming sonli futbol muxlislari uchun ham mavsum omadli bo‘lishini istaymiz. Bugun o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida aynan shu masalalar — tayyorgarlik jarayoni, infratuzilma, tashkilotchilik va o‘yin sifatini oshirish bilan bog‘liq vazifalar e’tibor markazida bo‘ldi, – deydi viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti.
Rustam Qodirov.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, yangi mavsumning ilk uy uchrashuvi nafaqat sport natijasi, balki tashkilotchilik madaniyati bilan ham namuna bo‘lishi kerak. Shu maqsadda stadionda muxlislar uchun turli madaniy-ommaviy va ko‘ngilochar dasturlar ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Guliston” – “Ahmedov FA” uchrashuvi 19-aprel kuni soat 16:30 da start oladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri