Mavjud muammolar va yangi imkoniyatlar o‘rganildi
Bugun tibbiyot tizimi oldida turgan talab kechagidan ancha farq qiladi. Endi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning o‘zi yetarli emas. Muhimi — xizmatning sifati, tezkorligi, zamonaviyligi va bemor uchun qanchalik qulay tashkil etilganida. Ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar samarasini faqat statistik ko‘rsatkichlar, qog‘oz yoki elektron hisobotlar orqali emas, balki joylardagi real holat, tibbiy muassasalar imkoniyatlari va eng muhimi, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati orqali baholash mumkin. Sirdaryo viloyatida bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Birlamchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar belgilangan talablarga qay darajada javob bermoqda? Mavjud imkoniyatlardan qanchalik samarali foydalanilyapti? Tizimdagi muammolarni bartaraf etish uchun yana qanday choralar zarur?

Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilovning Sirdaryo viloyatiga safari davomida ana shu savollarga joylarda javob izlandi. O‘rganishlar jarayonida tibbiy muassasalar faoliyati, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, mavjud imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Safarning dastlabki manzili Sirdaryo tumanidagi 4-son oilaviy poliklinika bo‘ldi. Bu yerda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish holati, tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, bemorlarni qabul qilish va tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan tanishildi.

Ma’lumki, Sirdaryo tumani Prezident farmoniga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish bo‘yicha 15 ta namunaviy hudud qatoriga kiritilgan. Hududda tibbiy xizmat ko‘rsatishning yangi modeli bosqichma-bosqich joriy qilinib, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi tashkil etilgan. Shuningdek, mavjud birlamchi tibbiyot muassasalari oilaviy poliklinikalar shakliga o‘tkazilib, 4 ta muassasaga 2-tip, 11 tasiga 1-tip oilaviy poliklinika maqomi berilgan. Bundan tashqari, 3 ta oilaviy poliklinika filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bunday o‘zgarishlarning asosiy maqsadi — tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, profilaktikaga ustuvor ahamiyat qaratish, kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash hamda bemorlarni zarur hollarda o‘z vaqtida keyingi bosqich tibbiy yordamiga yo‘naltirishdan iborat.

O‘rganish jarayonida kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish, profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish, aholi o‘rtasida tibbiy ko‘riklarni samarali tashkil etish, xavf omillarini barvaqt aniqlash va dispanser nazoratidagi bemorlar bilan ishlash sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazir Eldor Odilov hamda Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov poliklinikadagi tibbiy xizmat jarayonlarini ko‘zdan kechirib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, zamonaviy yondashuvlarni kuchaytirish va raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalarni belgilab berdi.
Safar davomida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Unda Sirdaryoda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiy muassasalarning mavjud salohiyati, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, tizimda yechimini kutayotgan masalalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha navbatdagi vazifalar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng vazir Guliston shahridagi tibbiyot klasteri faoliyati bilan tanishdi. Keyin u boshqarmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov bilan klasterda aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar, yaratilgan sharoitlar va mavjud imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.

2021-yilda foydalanishga topshirilgan mazkur majmua 4,67 gektar maydonni egallagan bo‘lib, 310 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda nevrologiya, pulmonologiya, gematologiya, gemodializ, endokrinologiya, umumiy xirurgiya, ko‘z mikrojarrohligi kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan 16 ta ixtisoslashtirilgan bo‘lim faoliyat yuritmoqda.
Klasterdagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, aholiga murakkab tibbiy yordamni viloyatning o‘zida sifatli ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish va ularning turlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bu esa bemorlarni respublika miqyosidagi tibbiy muassasalarga yuborish zaruratini kamaytirish, zamonaviy davolash usullarini hududning o‘zida keng qo‘llash uchun muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Umuman, vazirning Sirdaryo viloyatiga safari davomida tibbiy muassasalarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, profilaktika va erta diagnostika ishlarini kuchaytirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri