Matonatli uchuvchilar haqidagi film taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “SHB” studiyasi tomonidan suratga olingan “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” nomli badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Film premerasida soha mutasaddilari, ijodkor ziyolilar, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz ijodkor Xayriddin Sultonov, Kinematografiya agentligi direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Qosimov kino sohasina qaratilayotgan e’tibor, mazkur filmning yaratilish jarayonlari haqida batafsil so‘zladi.

Aytish kerakki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamisha ijodkorlar bilan muloqot va uchrashuvlarda fidokorona va zahmatli mehnatlari bilan ko‘pchilikka, ayniqsa, yoshlarga ibrat bo‘la oladigan zamon qahramonlari haqida har jihatdan barkamol badiiy, adabiy ekran asarlari yaratish g‘oyat muhimligi, mazkur vazifa ziyolilar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidlaydi.

Ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning “Osmoni falaklarda” asari “Ikki karra qahramon”, “Osmoni falaklarda”, “Bir kishilik aviahalokat” nomli qiziqarli hikoyalarni o‘ziga jamlagan. Ularda istiqlol yillarida milliy aviatsiyamizning shakllanishi, soha xodimlari, ayniqsa, matonatli uchuvchilarning kasbga sadoqati, jasorati, qat’iyati, o‘ta murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri va oqilona qaror qabul qilishdek yuksak salohiyati, chin insoniy ezgu fazilatlari g‘oyat ta’sirchan, kutilmagan voqealar asosida juda oddiy, samimiy tarzda ochib berilgan.
“Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” filmi ijodkorlari ham badiiy asardagi bu jihatlarni kino vositasida tomoshabinlarga yetkazishga harakat qilgan.

Taqdimot davomida so‘zga chiqqanlar filmning dramatik syujeti, inson taqdiri va hayot sinovlari orqali tomoshabinga yetkazmoqchi bo‘lgan chuqur mazmuni haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Ushbu film tomoshabinni chuqur o‘yga toldiradigan, mushohadaga undaydigan dramatik syujetga ega bo‘lib, bosh rollarni Yulduz Rajabova va Merdan Matveliyev ijro etgan.
Yangi badiiy film Navro‘z ayyomida tomoshabinlarga bayram tuhfasi sifatida taqdim etilgani diqqatga sazovor.
Ushbu asar kino ixlosmandlarida qiziqish va taassurot uyg‘otdi.
Namoyishga kelgan mehmonlar shuningdek, O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA