Matbuot anjumani: vakant lavozimlarga tanlovlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyat filialida “Davlat fuqarolik xizmatlariga kadrlar tanlovi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat fuqarolik xizmatlari vakant lavozimlariga bo‘lib o‘tgan kadrlar tanlovi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Tanlovlarning suhbat bosqichi shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida yangi usullar amaliyotda qo‘llanilgani, bo‘sh ish o‘rinlari platformasi nomzodlar va jamoatchilikning takliflari asosida takomillashtirilayotgani ta’kidlandi.
O‘tgan davr mobaynida viloyatda ochiq, mustaqil tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari “vacancy.argos.uz” yagona ochiq portali orqali 45 ta hududiy davlat organi va tashkiloti hamda 13 ta tuman va shahar hokimligida mavjud bo‘lgan 6 ming 384 ta vakant lavozim bo‘yicha tanlovlar e’lon qilingan bo‘lib, ularda jami 61 ming 651 nafar nomzod ishtirok etgan.
[gallery-10019]
Yakunlanib borayotgan 2022 yil davomida o‘tkazilgan 4 ming 613 ta tanlovning 1 ming 640 tasida (35,5 foiz) tanlov g‘olibi aniqlangan bo‘lsa, 2 ming 931 ta (63,5 foiz) vakant lavozim uchun qayta tanlovlar o‘tkazilgan, 42 ta (1 foiz) joy uchun e’lon qilingan tanlov belgilangan tartibda tashkilotlardagi lavozimlarni qisqartirish sababli bekor qilingan.
– Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazishda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, tenglik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘rildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari Erkin Xolbo‘tayev. – Xususan, tanlovlarning son va sifat tahlilini amalga oshirish, ularni har bir bosqich bo‘yicha kunlik monitoring qilib borish maqsadida elektron baza ma’lumotlari asosida avtomatik shakllanuvchi “Monitoring jadvallari” ishlab chiqildi, tanlovlarning test bosqichi filialda markazlashgan tartibda o‘tkazilib, jarayonlar onlayn translyatsiya qilinishi va video-qaydlarga saqlanishi ta’minlandi. Barcha tanlovlarning suhbat bosqichida filial mas’ul xodimlari kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, suhbat bosqichida inson omilini kamaytirish, nomzodlarga berilayotgan savollar vaznining teng bo‘lishini ta’minlash maqsadida “suhbatargos.uz” dasturi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Ushbu dastur yordamida barcha savollar yagona platformada tasodifiy tanlash (rendom) orqali berilishi ta’minlandi.
Milliy kadrlar zaxirasi bilan ishlash bo‘yicha Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari uchun jami 120 nafar, shundan, 60 nafar amaldagi va 60 nafar 1-3 yillik istiqboldagi zaxira nomzod ro‘yxati shakllantirildi. Nomzodlar tegishli saralash sinovlaridan o‘tkazilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi tayyorlandi.
bugungi kunga qadar, zaxiraga olingan nomzodlar Agentlik tomonidan Davlat boshqaruv akademiyasi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirdi.
Hududdagi 3 ming 380 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari “dc.bimm.uz” platformasi orqali masofaviy shaklda malaka oshirish kurslariga jalb etildi va maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Anjuman so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA