Matbaachilik nozik va mas’uliyatli kasb
Bugun kunda qator nashriyot, bosmaxona va gazetalar tahririyatlari iqtisodiy jihatdan qiyin davrni boshidan o‘tkazmoqda. Lekin mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tib samarali faoliyat olib borayotgan, soha ishi rivojiga samarali hissa qo‘shib kelayotgan korxonalar ham yo‘q emas. Ana shunday matbaa korxonalaridan biri bu – Andijon shahridagi “KANS OFFICE” mas’uliyat cheklangan jamiyatdir.
2007-yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur korxonada Xitoy, Yaponiya davlatlaridan keltirilgan ilg‘or va zamonaviy matbaa dastgohlari o‘rnatilgan bo‘lib, hozirda korxonada, fleyr, korobka, vizitka va boshqa ko‘plab turdagi sifatli va rangli matbaa mahsulotlari chop etilmoqda. Bundan tashqari, bu yerda gazetalar, qo‘llanma va kitoblar nashr etilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
– Jamiyat bosmaxonasida mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi “KANS OFFICE” MCHJ direktori Azamat Abdulhamidov. – Umuman, barcha turdagi buyurtmalarni tez, sifatli va o‘z vaqtida tayyorlab berayotganligimizdan mijozlarimiz xursand.
[gallery-28359]
Mahsulotlarning sifatli va tezkor chop etishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilmoqda. Xususan, doimiy buyurtmachilar bilan bosmaxona o‘rtasida lokal aloqa tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan. Internet orqali qabul qilib olingan buyurtmalar tezkor chop etilib, buyurtmachilarga yetkazib beriladi. Bu bilan ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinib, vaqt tejaladi, tezkorlik ta’minlanadi.
Matbaachilikni igna bilan quduq qazishga qiyoslashadi. Bu bejiz emas, albatta. Aslida matbaachilik nozik, mas’uliyatli va sharafli kasblardan.
Ayni kunda 50 nafardan ziyod ishchi-mutaxassis faoliyat olib borayotgan korxonada Ominaxon Niyozova, Muharramxon Abdukarimova, Nigoraxon Pattayeva, Gulnoraxon Islomboyeva, Shoiraxon Madaminova, Maribjon Qo‘ziboyev, Hasanboy Iminov singari ishchilar hamkasblariga namuna bo‘lib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, korxona o‘zining sifatli mahsulotlari bilan mijozlarga namunali xizmat ko‘rsatishi, barqaror va samarali faoliyati bilan yurtimiz iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.