Mas’ullar e’tiboridan chetda qolgan maktab
Yo‘l-yo‘lakay
Bugun hududlarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida aholining yo‘l, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolariga ijobiy yechim topilmoqda. Shuningdek, mahalla binolari, hududlardagi umumta’lim maktablariga qo‘shimcha o‘quv binolari hamda sport va madaniyat inshootlari qurilib, aholining turmush farovonligi yaxshilanmoqda. Ammo Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Talishbe mahallasida bunday bo‘lmadi. Nega?


Talishbe mahallasiga qarashli O‘qotar qishlog‘i aholisining murojaatiga asosan ushbu hududga bordik. Aholing murojaati asosan hududdagi eski maktab mavzusi edi.
Ta’kidlash lozimki, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani “Talishbe” MFYga qarashli O‘qotar qishlog‘ida joylashgan 47-maktab mustaqillikning dastlabki yillarida hashar yo‘li bilan dala shiyponi sifatida qurilgan. Keyinchalik 120 o‘ringa mo‘ljallangan boshlang‘ich sinflar o‘qiydigan maktabga aylantirilgan. Bora-bora yuqori sinflar ham shu yerning o‘zida o‘qiy boshlagan. Lekin yillar davomida maktab binosi ma’nan eskirgan. Buning ustiga bugungi kunga kelib, o‘quvchi soni 200 nafarga yaqinlashgani bois, mavjud sinfxonalar yetishmayapti. Bu ham yetmagandik, o‘quvchilar sport mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun sport zali, zamonaviy kutubxona, kompyuter va chet tili xonalaridan mosuvo. Sababi bunday shart-sharoitlar yillar davomida maktabda yaratilmagan. Shu kunga qadar ushbu maktab tuman va viloyat mas’ullari e’tiboridan chetda qolib kelgan.
2022 yilda “Talishbe” MFYning “Obod qishloq” dasturiga tushganini eshitib, qishloq aholisi katta o‘zgarishlarga umid bog‘lashdi. Boisi, mas’ullar mahallaga qarashli qishloqlarda dastur doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishini, shu bilan birga 47-maktabga ham qo‘shimcha o‘quv binosi va sport zal, zamonaviy kutubxona qurib berilishini va’da berishgandi. Lekin aholining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Dastur doirasidagi ishlar yakunlandi, biroq maktab bilan bog‘liq berilgan va’dalarning birortasi bajarilmadi.


– Maktabimiz 1992 yilda shiypon ko‘rinishida hashar yo‘li bilan qurilgan, – deydi O‘qotar qishlog‘ilik Ilyos To‘rayev. – Yillar davomida birorta o‘zgarish bo‘lmadi. Mas’ullar “Obod qishloq” dasturi doirasi qo‘shimcha o‘quv bino va sport zal qurib beramiz deyishgandi. Ammo bularning hech biri amalga oshmadi. Keyin qishloq yoshlari birlashib, open byudjetga maktab ta’miri bo‘yicha tashabbus kiritdik. Uch mingtaga yaqin ovoz yig‘dik. Buni evaziga mas’ullar maktabga ichki jihozlar berishni aytishdi, ammo bu ham hali amalga oshmadi. Birorta jihoz kelmadi.
Maktabdagi mavjud shart-sharoitlar bilan tanishamiz. Qorong‘i xonalar, eskirgan eshik romlar, foydalanish qiyin bo‘lgan moslashtirilgan kutubxona, kompyuterlar berilgan, ammo undan samarali foydalanish imkoni bo‘lmayotir, moslashtirilgan sinf barcha-barchasi achinarli holatda.
– Biz ham istaymiz farzandlarimiz zamonaviy sport zallarida sport mashg‘ulotlarini o‘tkazishini, keng va yorug‘ sinfxonalarda ta’lim tarbiya olishini, – deydi Toshpo‘lat Ma’murov. – Hozirgi kunda mavjud o‘quvchilarning ta’lim olishiga ham sinfxonalar yetishmay qolyapti. Bolalar kechga qolib ketishadi. Endi hukumatimizdan kutib qolamiz yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishini. Hozir o‘quvchilar mana shunday qiyin sharoitda o‘qishyapti.


Mavjud kamchiliklarni o‘rganar ekanmiz, maktab rahbari jig‘ibiyron bo‘lib asabiylasha boshladi. Rahbarning asabiylashishini, mavjud muammolarni yopti-yopti qilishga harakat qilishini ko‘rib, balki shuning uchun ham yillar davomida ushbu maktabda biror tayinli o‘zgarish bo‘lmagandir, degan xayolga borasan kishi.
Bugun ta’lim- tarbiya masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotgan bir paytda bu kabi qishloq maktabining abgor holatda bo‘lishi qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi. Hatto maktabga o‘quvchilar qatnaydigan yo‘l ham ta’mirlanmagan. Yog‘ingarchilik kunlarida o‘quvchilar loy kechib ta’lim maskaniga kelishga majbur, deydi aholi vakillari.
Xo‘sh, nega “Obod qishloq” dasturi doirasida xalqqa berilgan va’dalar bajarilmadi? Yoki bu tuman mas’ullarining navbatdagi yolg‘onimidi? Ushbu ishlar dasturga kiritilganmidi o‘zi? Bu haqda tuman mas’ullaridan izoh so‘radik.


– “Obod qishloq” dasturi doirasida ushbu hududdagi birorta maktabga qo‘shimcha o‘quv binosi yoki sport zali qurish uchun mablag‘ ajratilmagan, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Bekzod Eshonqulov. – Lekin kelgusida –2022-2026 yilga mo‘ljallangan dasturga asosan bu maktabda ham qo‘shimcha o‘quv binosi va sport zal quriladi. Bosqichma-bosqich quriladi. Mana bu yil mana shunday muammolar bor tumandagi ikkita maktabda qurilish ishlari olib boriladi. Asosan koeffetsenti yuqori maktablardan boshlab kelyapmiz.
Aslida hudud aholisini junbishga keltirgan holat 2022 yilda chiqqan dasturda O‘qotar qishlog‘idagi 47-maktabga ham qo‘shimcha binolar quriladi, deb aytilgani, hatto o‘sha loyiha hujjatlari qishloqdagi telegramm guruhlarga tashlangani, o‘sha yillardagi “obod qishloq” bo‘yicha tayyorlangan telelavhalarda ham buning aytib o‘tilgani edi.


Ammo tuman hokimi o‘rinbosari bularning barchasini rad etdi. Bekzod Eshonqulovga ko‘ra, bu ma’lumotlarning barchasi yolg‘on. Agarda dasturga kiritilgan bo‘lganda, bu ishlar albatta bajarilar edi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, O‘qotar qishlog‘idagi o‘quvchilar ham barcha o‘quvchilar kabi zamonaviy keng va yorug‘ xonalarda ta’lim olishga, yetarlicha adabiyotlar bilan ta’minlangan kutubxonalarda bilimini oshirishga, keng sport zallarida sport bilan shug‘ullanishga, musiqa ta’limini olishga haqlari bor.
O‘ylaymizki, mas’ullar ushbu muammoga jiddiy e’tibor qaratishadi va ijobiy yechim topishadi. Zero farzandlarimizning sifatli ta’lim-tarbiya olishi kelajagimiz garovidir.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri