Martda aholi kommunal xizmatlar hamda go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini ko‘proq sezdi
2026-yil mart oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi fevral oyiga nisbatan 0,5 foiz bandga pasayib, 11,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarida ma’lum qilindi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, mart oyida ayrim tovar va xizmatlar narxi arzonlashgani kuzatildi. Xususan, meva-sabzavot mahsulotlari, yo‘lkira va tashish xizmatlari, shuningdek tuxum narxlarida pasayish qayd etildi. Biroq, go‘sht va sut mahsulotlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz, kafe va restoran xizmatlari narxining oshgani aholi tomonidan eng ko‘p sezilgan.
Hududlar kesimida narxlar o‘sishi eng yuqori darajada Toshkent shahrida qayd etildi — 13,3 foiz. Eng past ko‘rsatkich esa Namangan viloyatida kuzatilib, u 10 foizni tashkil etdi.
Soha vakillari orasida eng yuqori sezilgan inflyatsiya ishlab chiqarish sohasi xodimlari tomonidan qayd etildi — 13 foiz. Tashish xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar esa inflyatsiyani nisbatan past baholab, 10,2 foiz darajani ko‘rsatdi.
Daromad darajasi bo‘yicha tahlillar shuni ko‘rsatadiki, oylik daromadi 7 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi qatlamida sezilgan inflyatsiya respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori shakllangan. Ayniqsa, daromadi 30 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi guruhida inflyatsiya darajasi 16,7 foizga teng deb baholangan.
Markaziy bank so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, mart oyida asosiy turdagi tovar va xizmatlar narxlari umumiy hisobda yo arzonlashgan, yoki sezilarli o‘zgarishsiz qolgan. Ammo kommunal xizmatlar hamda go‘sht va sut mahsulotlari narxining oshishi aholi tomonidan eng ko‘p sezilgan omil sifatida qayd etildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA