Markaziy Osiyoning yangi ovozi — hamjihatlik va yangilanish sari
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo geosiyosiy xaritada faqat geografik joylashuv nuqtai nazaridan emas, balki o‘z rivojlanish dinamikasi, yangicha siyosiy madaniyati va hamjihatlik falsafasi bilan alohida o‘rin egallay boshladi.

Sababi shundaki, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat ruhi bugun yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu nafaqat siyosiy diplomatiya yutug‘i, balki xalqlar ongida kechayotgan chuqur o‘zgarish umumiy taqdir va birgalikdagi taraqqiyot g‘oyasining mustahkamlanishidir.
2017 yilda yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy munosabatlarni tubdan yangiladi. Bu format tashqi vositachilarsiz, ochiq muloqotga asoslangan yangi siyosiy madaniyatni qaror toptirdi. Natijada, ilgari keskinlik manbai bo‘lgan chegara, suv va energetika kabi masalalarni hal etishda tarixiy ilgarilashlar kuzatildi.
2025 yilda imzolangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralarini belgilash to‘g‘risidagi shartnoma mintaqa tarixida yangi sahifa ochdi. Bu nafaqat huquqiy muammoni hal etish, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonch va yaqinlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, Qambarota GES-1 va Zarafshon GESi kabi yirik loyihalar suv-energetika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Turkmaniston bilan erishilgan kelishuv esa umummintaqaviy ekologiya siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Davlat rahbari maqolasida ta’kidlanganidek, so‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti 520 milliard dollarga yetdi, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod o‘sdi. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildagi 2,4 milliard dollardan 2024 yilda 7,2 milliard dollarga yetdi.
Bugun mintaqa sanoati yiliga taxminan 6 foiz atrofida o‘sish sur’atini namoyish etmoqda. Bu ko‘rsatkich jahon o‘rtachasidan ikki barobar yuqoridir. Natijada, mintaqada bir-birining muvaffaqiyatidan foyda ko‘radigan hamjihat iqtisodiy makon shakllanmoqda.
Tashqi sheriklar endilikda Markaziy Osiyoga alohida davlatlar yig‘indisi sifatida emas, balki yagona mintaqaviy kuch sifatida qaray boshladilar. Bu yangi geosiyosiy reallik xalqaro investitsiyalarni jalb etish, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Afg‘oniston masalasiga yondashuv ham o‘zgardi. U endilikda “muammo emas, balki imkoniyat” sifatida ko‘rilayotgani mintaqaviy xavfsizlik siyosatining inqilobiy burilishi sanaladi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasi bu yo‘ldagi strategik qadam bo‘lib, butun mintaqani Janubiy Osiyo bilan bog‘laydi.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar tabiiy yoki tasodifiy holat emas. Ular mintaqa yetakchilarining siyosiy irodasi, xalqlarning birdamlikka bo‘lgan ichki ehtiyoji va umumiy kelajakka ishonchi natijasidir.
Yangi Markaziy Osiyo — bu tinchlik va barqarorlik hududi, yaratuvchan hamkorlik maydoni, dunyoga ochiq, o‘zaro bog‘liq va inson qadrini ustuvor qo‘ygan makondir. Shu yo‘lda birdamlik bilan harakat qilish nafaqat mintaqamiz, balki butun Yevroosiyo xavfsizligi va taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA