Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik: yangi formatlar va strategik yo‘nalishlar
Poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) “Markaziy Osiyo jarayoni: Toshkent va Cho‘lponota sammitlari natijalaridan Avaza kun tartibigacha” mavzusida onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning Sent-Endryus universiteti katta o‘qituvchisi Filippo Kosta Buranelli, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning yetakchi tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘in davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvi va joriy yilning 31-iyul kuni Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit yakunlari, shuningdek, Avazada bo‘lib o‘tadigan sammit kun tartibidagi ustuvor masalalarni muhokama qildilar.
Davra suhbati avvalida MOXI direktori J.Vaxabov 2018-yildan boshlab davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari platformasi nafaqat siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkaziladigan joyga aylangani, balki hozirgi kunda xavfsizlik, savdo, transport, energetika va suvdan foydalanish, shuningdek, gumanitar hamkorlik masalalarini qamrab olgan yuqori darajali mintaqaviy hamkorlik mexanizmiga aylanganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Buranelli ushbu format konsensus, teng huquqlilik va davlat suverenitetini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 31-iyul kuni Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
KISI bo‘lim mudiri A.Kurmashev, shuningdek, EXHTning Bishkekdagi akademiyasi dotsenti E.Jo‘rayev davlat rahbarlari uchrashuvlarining konsensus xarakterga ega ekanligi Markaziy Osiyoning mintaqaviy sub’ektligini mustahkamlashga va keng ko‘lamli masalalarni samarali muvofiqlashtirish imkonini beruvchi moslashuvchan, amaliyotga yo‘naltirilgan hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Birlashgan Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti ilmiy xodimi A.Abbosova Ozarbayjonning shakllangan “C6” formatiga qo‘shilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yangi geoiqtisodiy aloqalarning shakllanishini aks ettirib, transmintaqaviy transport, energetika va savdo yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini tilga oldi. Uning fikricha, ushbu konfiguratsiya mintaqaviy kun tartibini har tomonlama muhokama qilish uchun qulay sharoit yaratadi, uning asosiy masalalaridan biri O‘rta yo‘lakni rivojlantirishdir.
Turkmanistonlik logistika bo‘yicha mutaxassis A.Saparova ushbu tezisni davom ettirar ekan, Transkaspiy yo‘nalishining barqarorligi nafaqat transport infratuzilmasini rivojlantirish, balki to‘siqsiz muhit yaratish orqali ham belgilanishini, bu esa yo‘nalishning bashorat qilinishi, tashishlarning raqobatbardoshligi va savdo oqimlarining barqarorligini ta’minlashini ma’lum qildi.
Muhokama yakunida ishtirokchilar ekspert-tahliliy muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda Markaziy Osiyo jarayonini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
O‘.Alimov, O‘zA