Markaziy Osiyo yangi geosiyosiy bosqichga chiqmoqda
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanishning yangi paradigmasi” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur oliy ta’lim maskani huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi idorasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qo‘shni davlatlar va Ozarbayjon diplomatik akademiyalari, BMT Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Finlyandiya xalqaro munosabatlar instituti, diplomatik korpus vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda nufuzli ekspertlar ishtirok etdi.
Anjumanda Markaziy Osiyo bugun sifat jihatidan mutlaqo yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ygani ta’kidlandi. Endi mintaqa nafaqat umumiy kun tartibini shakllantira oladigan mustaqil geosiyosiy sub’ekt, balki global jarayonga ta’sir o‘tkaza oladigan kuchli hudud sifatida namoyon bo‘layotgani e’tirof etildi.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, markaz rahbari Kaxa Imnadze onlayn murojaatida mintaqada o‘zaro ishonch va muloqot muhiti mustahkamlanayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Serdar Cham va boshqalar so‘zga chiqdi.
Mamlakatimiz tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqada siyosiy ishonchni kuchaytirish va umumiy yondashuv shakllantirishda muhim mexanizmga aylangani ta’kidlandi.
Zamonaviy xavfsizlik masalasi endi faqat harbiy yoki siyosiy omillar bilan cheklanmasligi qayd etilib, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, energetika barqarorligi, kibernetika tahdidi va gumanitar barqarorlik yo‘nalishlari ham umumiy xavfsizlik manzarasining ajralmas qismi sifatida baholandi.
Qatnashchilar transport bog‘liqligi, yangi logistika yo‘laklari, energetika hamkorligi va Markaziy Osiyoning Yevrosiyo makonidagi strategik ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratdilar. Ekspertlar fikricha, gumanitar almashinuv, akademik mobillik va ilmiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uzoq muddatli mintaqaviy barqarorlikning muhim omillaridir.
Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi hamkorlik muhiti mintaqa kelajagini belgilaydigan muhim siyosiy va intellektual poydevorga aylanayotgani yakdil tasdiqlandi.
Musulmon Ziyo, O‘zA