Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Qirg‘izistonda davlat madhiyasini o‘zgartirish bo‘yicha komissiya tuzildi

Qirg‘iz Respublikasida davlat madhiyasi matni va musiqasining yangi talqini loyihalarini tanlash bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi, deb xabar bermoqda “Kazinform” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, davlat kotibi Arslan Qo‘ychiyev boshchiligidagi komissiya tarkibiga parlament a’zolari, akademiklar, madaniyat arboblari, filologlar, musiqashunoslar va bastakorlar kirgan.
Talablarga ko‘ra, yangi madhiya yuksak ifodali, tantanali, vatanparvarlik va hissiyotlarga boy, esda qoladigan darajada bo‘lishi kerak. Musiqiy kompozitsiyada mamlakatning tarixiy merosi, boy madaniy an’analari va erishgan yutuqlari, qirg‘iz xalqining milliy birligi, Vatanga muhabbati aks etishi kerak.
2026-yil 1-iyungacha madhiyaning tanlangan uchta varianti Jogorku Keneshga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil oktabr oyida Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li Qirg‘iziston madhiyasini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Keyinroq o‘lka prezidenti Sadir Japarov ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
2025-yil fevral oyida yangi davlat madhiyasini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Musiqiy takliflarni qabul qilishning oxirgi muddati o‘tgan yilning 8-sentabri edi. Shu yilning yanvar oyida parlament a’zolari taklif qilingan uchta variantni rad etishdi.
Emomali Rahmon: Suv tanqisligi va muzliklarning erishi mintaqaga tahdid solmoqda

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Ostonada bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy sammitda so‘zga chiqib, asosiy ekologik tahdidlarni aytib o‘tdi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi, muzliklarning tez erishi, suv tanqisligining kuchayishi mintaqa va butun dunyo mamlakatlari uchun jiddiy muammolarga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Prezident Tojikiston muzliklarni muhofaza qilish, muhofaza etiladigan hududlarni kengaytirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan ekologik dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirishda davom etishini ta’kidladi.
Shuningdek, u iqlimni moliyalashtirish, yashil texnologiyalarni joriy etish va kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro qo‘llab-quvvatlov muhimligini ta’kidladi.
Turkmanistonda turkman oti milliy kuni nishonlandi

Turkmanistonda turkman oti milliy kuni madaniy an’analar, milliy g‘urur va o‘ziga xoslik ramzi hisoblangan mashhur Axalteke ot zotiga chuqur tarixiy hurmatni o‘zida mujassam etgan marosimlar bilan nishonlandi.
Asosiy tantanalar Ashxobod ot sporti markazida bo‘lib o‘tdi. Unda o‘lka prezidenti Serdar Berdimuhamedov, yuqori martabali amaldorlar, xorijiy diplomatlar va ot ixlosmandlari ishtirok etishdi. Tadbirda nafaqat mazkur ot zoti haqida, balki mamlakatning qadimiy an’analarni saqlab qolgan holda otchilik sohasini modernizatsiya qilish borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlari ham alohida ta’kidlandi.
Turkman madaniyatida ko‘pincha "samoviy" yoki "qanotli" ot deb ataladigan Axalteke oti markaziy o‘rinni egallaydi. Turkmanistonda bu shunchaki ot turi emas, balki she’riyat, hunarmandchilik va milliy o‘ziga xoslik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan madaniy timsoldir.
Qozog‘iston tranzit yuk tashish hajmini 55 million tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda

Qozog‘iston joriy yilda tranzit yuk tashish hajmini 55 million tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Mamlakat Transport vazirligi xabar berishicha, joylardan tashqarida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha hukumatning mazkur ko‘rsatkichga erishish bo‘yicha ko‘rsatmasining bajarilishini ta’minlash xususida maxsus ko‘rsatmalar berilgan.
G.Sattorova, O‘zA