Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo mintaqasi strategik joylashuvi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari sababli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu sababli bu hududda sodir bo‘layotgan voqea hodisalar ko‘pchilikka qiziq. Quyida mintaqamizda yaqin kunlarda sodir bo‘lgan muhim yangiliklar havola etiladi.
Qirg‘iziston tarixda birinchi marta o‘z milliy valyutasini chop etishni boshladi

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat ilgari milliy valyutasini chop etish uchun xorijiy davlatlarga buyurtma qilishi kerak edi.
– Endi hamma narsa o‘zgardi: biz boshqa o‘lkalar uchun valyutani o‘zimiz so‘rov bo‘yicha chop etishimiz mumkin bo‘lgan darajaga yetdik. Biz valyuta ishlab chiqarish uchun barcha zarur standartlar va talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat oldik, -deb yozgan Qirg‘iziston rahbari.
Shuningdek, u mamlakat pasportlar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, haydovchilik guvohnomalari va transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlarini yuqori sifatda ishlab chiqarishini ta’kidladi.
– Biz nafaqat valyutani, balki boshqa davlatlar uchun turli hujjatlarni ham chop etishga tayyormiz. Hozirda bir nechta mamlakatlardan buyurtmalar qabul qildik. Ushbu sertifikat tufayli mahsulotlarimiz xavfsizligi eng yuqori darajada. Boshqacha aytganda, bunday hujjatlarni qalbakilashtirish mumkin emas. Narxlar esa hamyonbopligicha qolmoqda, -deya qo‘shimcha qilgan S.Japarov.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk marta 2023-yilda o‘z milliy pasportlarini chop etishni boshlagan edi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning 3-noyabrida hukumat yangilangan dizayn va takomillashtirilgan xavfsizlik xususiyatlariga ega umumiy fuqarolik pasportlari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar modelini taqdim etgandi.
Qozog‘iston va RF o‘rtasidagi savdo hajmi 2025-yilda pasaydi

Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar 2025-yilda sekinlashuv belgilarini ko‘rsatdi. Yil oxiriga kelib, ikki tomonlama savdo aylanmasi 27,4 milliard dollarni tashkil etdi, bu avvalgi yilga nisbatan biroz kamroq. Bu raqamlarni Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev Ostonada mamlakat bosh vaziri O‘ljas Bektenov va Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, 2024-yilda ikki o‘lka o‘rtasida savdo aylanmasi 3 foiz o‘sib, 27,8 milliard dollarni tashkil etgan.
2025-yil uchun pasayish prognozi kengroq tendensiyani aks ettiradi - o‘sishning sekinlashishi, umumiy savdo hajmi esa nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda. Pasayishga qaramay, ikkala tomon ham iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni qo‘yishda davom etmoqda.
Qozog‘iston moliya vaziri o‘rinbosari Yerjan Birjanov elektron yuk jo‘natmalarini joriy etish va Qozog‘iston-Rossiya chegarasidagi 30 ta nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilish rejalarini bayon qildi. Ushbu qadamlar tranzit vaqtini qisqartirish va operatsion shaffoflikni oshirishga yordam berishi kutilmoqda.
Tojikistonda bir kishi folbinlik va jodugarlik uchun jarimaga tortildi

Tojikiston poytaxtida 38 yoshli erkak folbinlik va jodugarlik uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Dushanbe shahar ichki ishlar departamenti xabar berdi.
Bu odam o‘z uyida “mijozlar”ni qabul qilib, moliyaviy manfaatlar uchun folbinlik xizmatlarini ko‘rsatgan.
Unga qarshi Tojikiston Respublikasi Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 482-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma qo‘zg‘atildi.
Sud erkakka hisoblangan stavkaning 80 baravari yoki 6240 somoniy (650 dollar) miqdorida jarima soldi.
G.Sattorova, O‘zA