Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti – konstruktiv muloqot platformasiga aylandi
O‘zbekiston raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining majlisi onlayn shaklda tashkil etildi.
“Markaziy Osiyo va Ozarbayjon ayollari: ustuvor vazifalar va qo‘shma harakatlar” mavzusiga bag‘ishlangan majlisda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMTning mintaqaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda muloqotning xalqaro maydondagi nufuzi izchil ortib borayotgani ta’kidlandi. Bu konstruktiv muloqot, ilg‘or tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylandi. Muloqot doirasida bugunga qadar 20 ga yaqin muhim hujjat qabul qilindi va qator amaliy tashabbuslar ilgari surildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga 2020-yil dekabr oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan. 2021-yilda mazkur platformaga O‘zbekiston raislik qilgan. So‘nggi besh yilda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida muloqot majlislari o‘tkazilib, dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning ishtirok etgani qayd etildi. Bu esa Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga Ozarbayjonning qo‘shilishi uchun muhim omil bo‘ldi.

Tadbirda yil davomida O‘zbekiston raisligi doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman doirasida tadbirkor ayollar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish, biznes-forumlar tashkil etish, a’zo davlatlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik amaliyoti bilan o‘zaro o‘rtoqlashish, shuningdek, parlamentlar, hukumatlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil may oyida Buxoro shahrida o‘tkaziladigan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumi doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi” mavzusida anjuman tashkil etish nazarda tutilgan.
Ushbu anjuman davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjon olimalari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va muloqot platformasini shakllantirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda innovatsion tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Samarqand shahrida tashkil etiladigan Yosh parlament a’zolarining 12-global forumi doirasida yosh xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar hamda muloqot majlislarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajriba almashinuvini faollashtirish va yil yakunida muloqot faoliyati natijalarini sarhisob qilish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni, o‘zaro ishonch va birdamlikni mustahkamlash, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni davom ettirish lozimligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA