Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz yagona transport tizimiga birlashmoqda
Xitoyning Qashqaridan boshlanadigan taxminan 480 kilometrlik temir yo‘l Qirg‘iziston va Andijon, so‘ngra Turkmaniston va Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon infratuzilmasiga ulanadi. Bu yo‘nalish O‘rta yo‘lakning ikkinchi, asosiy qismini tashkil etadi va Xitoyni Yevropa bilan bog‘laydi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlanishi va Prezident Ilhom Aliyev 31-iyul kuni Bishkekka tashrif buyurishi O‘rta yo‘lak rivojiga yana bir kuchli turtki berdi. Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarov bilan muzokara chog‘ida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni Yevrosiyo uchun yagona, uzluksiz transport-logistika markaziga aylantirish e’tibor markazida bo‘ldi.
Qurilishi rasman 2024-yil dekabr oyida boshlangan, avval mo‘ljallangan 2030-yildan oldinroq – 2028-2029-yillarda topshirilishi kutilayotgan, qiymati 4,7 milliard dollarga baholangan mazkur yirik loyiha asosida jami 120 kilometrga cho‘ziladigan 50 ko‘prik va 29 yer osti yo‘li barpo etiladi. Jumladan, Qirg‘izistonning Makmal shahri yaqinida konteyner tashish va temir yo‘l o‘lchamini Xitoy standartidan mintaqamiz mamlakatlari uchun an’anaviy hisoblangan keng o‘lchamga o‘tkazish uchun yirik logistika markazi yaratilyapti.
Tashabbusning iqtisodiy xususiyatga ega ijobiy ta’siri Markaziy Osiyo uchun juda muhim. Zero, yo‘nalish Sharqiy Osiyodan Yevropaga borish yo‘lini 700-900 km qisqartirib, 10 kunlik safar vaqtini tejaydi. Rejalashtirilgan yuk aylanmasi 2032-yil o‘n besh, 2040-yilga kelib esa 20 million tonnaga yetadi.
Konteyner poyezdlari Turkmanboshi orqali Bokudagi Olot portiga, keyin Tbilisi – Kars bo‘ylab Turkiya va Yevropaga qatnaydi.
S.Rahimov, O‘zA