Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi
Markaziy bank Boshqaruvining 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, may oyida yillik inflyatsiya darajasi 5,5 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich prognoz doirasida shakllangan. So‘nggi oylarda inflyatsiyaning sezilarli pasayishi asosan o‘tgan yili energiya resurslari tariflari oshirilishi ta’sirining yuqori baza samarasi tugashi bilan izohlanmoqda.
Shu bilan birga, barqaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Jumladan, bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi. Xizmatlar sohasida inflyatsiya sur’atlari sekinlashayotgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi tezlashgani qayd etildi.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari pasayish tendensiyasini saqlab qolmoqda. Shuningdek, moliya sektori ekspertlarining uzoq muddatli inflyatsiya bo‘yicha prognozlari ham yaxshilangan.
Markaziy bank iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda davom etayotganini ta’kidladi. Chakana savdo, xizmat ko‘rsatish, turizm va investitsiyalar sohasidagi ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari iqtisodiyotda jami talabning barqarorligidan dalolat bermoqda. Byudjet xarajatlarining faollashuvi esa kelgusi choraklarda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Regulyatorning baholashicha, joriy yil iyun oyida energiya resurslari tariflarining oshirilishi inflyatsiyaga qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bevosita ta’sirdan tashqari, transport va ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi orqali ikkilamchi inflyatsion bosimlar ham yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Markaziy bank 2026-yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozini 6,5 foiz atrofida saqlab qoldi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha prognoz ham o‘zgarishsiz qolib, 7–7,5 foiz darajasida baholanmoqda.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarining saqlanishi aholi va biznes sub’ektlarining jamg‘arish faolligini rag‘batlantirish, kreditlashning muvozanatli o‘sishini ta’minlash hamda inflyatsion bosimlarni cheklashga xizmat qilmoqda.
Markaziy bank tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar hali ham yuqori darajada saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Jahon bozorlarida oziq-ovqat va energiya resurslari narxlarining o‘zgaruvchanligi, logistika xarajatlarining o‘sishi hamda xalqaro moliya bozorlaridagi qat’iy pul-kredit siyosati tashqi inflyatsion bosimlarni kuchaytiruvchi omillar sifatida baholanmoqda.
Regulyator kelgusida inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayishi, tariflar oshishining ikkilamchi ta’sirlari cheklanishi va bazaviy inflyatsiyada ijobiy dinamika kuzatilishi holatida pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich yumshatish imkoniyati yuzaga kelishi mumkinligini ma’lum qildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA