Markaziy bank 21 ta bankka jarima qo‘lladi
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil iyun oyida o‘tkazilgan yettita yig‘ilish davomida bank-moliya tizimi faoliyatiga oid 34 ta masalani ko‘rib chiqib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 22 ta masala ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga taalluqli bo‘lgan. Xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatlarini ko‘rib chiqish, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish hamda to‘lov tashkilotlariga litsenziya berish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kredit tashkilotlari ustav kapitalidagi ulushlarga egalik qilish uchun ruxsat berish, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega lavozimlarga nomzodlarni ma’qullash bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishlarda kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala ham muhokama qilindi. Bunda Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial normativlari talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalariga alohida e’tibor qaratildi.
Nazorat tadbirlari natijasida prudensial normativlar talablarini buzgan yoki o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagan 23 ta tijorat bankiga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.
Bundan tashqari, qonunchilik talablariga rioya etmagani hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 21 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA