Markazga tibbiy jihoz va uskunalar berildi
Sport vazirligi tomonidan sportchilarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, sport jarohatlarining oldini olish va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishiga ko‘maklashish maqsadida Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga zamonaviy turdagi tibbiy jihoz va uskunalar topshirildi.
–Sport vazirligi tomonidan markazimizga berilgan 647 million 999 ming so‘mlik 18 turdagi tibbiy jihoz va uskunalar sport turlari bilan shug‘ullanayotgan sportchilarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi,–deydi Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tibbiyot bo‘limi shifokori Malika Jabborova. –Markazimizda ushbu turdagi tibbiy jihozlarga ehtiyoj bor edi.


Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga keltirilgan tibbiy jihoz va uskunalar sportchilarning mashg‘ulot va sport musobaqalari davomida orttirgan u yoki bu turdagi jarohatlarini davolashda, ular salomatligini tiklashda, muntazam tibbiy ko‘riklar o‘tkazishda qo‘l kelmoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri