Markazdan mahallagacha: kambag‘allikka qarshi kurashning yangi tizimi
Munosabat
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mohiyatini yagona va ezgu bir g‘oya mujassam etadi – inson qadri va uning farovonligi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi har bir yurtdoshimiz hayotiga bevosita daxldor manzilli muloqot maydoniga aylandi.
Ochiq va chuqur tahlillarga boy o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar e’tirof etilishi bilan birga, taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgan to‘siqlar va ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligi keskin tanqid qilindi. Eng muhimi, yig‘ilish shunchaki muammolarni sanash bilan cheklanmay, har bir mahalla, oila va fuqaro darajasida kambag‘allikni barham toptirishning mutlaqo yangi mexanizmlarini belgilab berdi.
Agar raqamlarga murojaat qilsak, yil boshida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 5,8 foizni, ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafarni tashkil etgan edi. Tizimli va manzilli chora-tadbirlar evaziga bu ko‘rsatkich qisqa fursatda 1,5 million nafargacha qisqardi. Bu shunchaki quruq statistika emas, balki yuz minglab xonadonlarga kirib borgan qut-baraka, farzandlar tabassumi va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch ifodasidir.
Jumladan, ishni to‘g‘ri va oqilona tashkil etgan 49 ta tuman hamda 3 ming 429 ta mahalla bugun ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylandi. Biroq hamma joyda ham ahvol bir xil emas. Yetarli resurs va imkoniyat berilganiga qaramay, 159 ta tuman-shahar hamda 5 ming 536 ta mahallada kutilgan natija ta’minlanmadi. Bu holat muammo mablag‘ yoki imkoniyat yo‘qligida emas, balki mavjud resurslarni to‘g‘ri boshqara olmaslikda ekanini ko‘rsatib berdi.
Vaziyatning aslida qandayligini anglash uchun Prezident topshirig‘iga ko‘ra iqtisodiy kompleks rahbarlari Xorazm viloyatida bo‘lib, 81 ming kambag‘al aholi sharoitini xonadonbay o‘rgandi. Natijada 12 ming ishsiz va 10 ming daromadi past fuqaro borligi aniqlandi. Ajablanarlisi, ayni vaqtda viloyatdagi tadbirkorlar qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida 9,5 mingga yaqin ishchi izlamoqda. Ya’ni, ish o‘rni bor, ammo talab va taklif o‘rtasida o‘zaro uzviylik va muvofiqlik mavjud emas.
Shu bilan birga, tahlillar yana bir muhim jihatni yuzaga chiqardi: o‘rganilgan oilalarda 48 ming nafar bola tarbiyalanayotgan bo‘lsa-da, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan. 10 mingdan ziyod ayol esa bola parvarishi bilan bandligi sababli mehnat bozoriga chiqa olmaydi, hududda bog‘cha qamrovi esa 75 foizga ham yetmaydi. Xorazm misolida namoyon bo‘lgan bu manzara butun respublika uchun xarakterli bo‘lib, kambag‘allikka qarshi kurashda kompleks va yangicha yondashuv suv bilan havodek zarurligini ko‘rsatib berdi.
Aynan shu bois yig‘ilishda kambag‘allik bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirib, barcha vakolat va moliyaviy manbalarni bevosita tuman hamda mahalla darajasiga tushirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Endilikda hokimlar va iqtisodiy kompleks haftaning 3 kunini faqat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik masalalariga bag‘ishlaydi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi kreditlari, shuningdek, tegishli jamg‘armalardagi 1 trillion 100 milliard so‘m hamda kompensatsiyalar uchun mo‘ljallangan 300 milliard so‘m – jami 3 trillion 200 milliard so‘mlik ulkan resurs bevosita tuman shtablari ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, tuman shtablariga mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilmoqda. Endi ular kimga qancha kredit, subsidiya yoki foizsiz ssuda ajratishni, to‘lov grafiklarini dehqonchilik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish kabi biznes turlariga moslashtirishni joyida mustaqil hal etadi. Kooperatsiyani rivojlantirish va yetakchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 ta kambag‘al oilani band qilgan lider tadbirkorlarga 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlik o‘rnatganlarga esa 5 milliard so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratish imkoniyati yaratilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ehtiyojmand oilalar hayotida tub burilish yasaydi. Chunki bundan buyon kambag‘allik faqat daromad miqdori bilan emas, balki nogironlik, surunkali xastaliklar va ko‘p bolalilik kabi hayotiy omillarni qamrab oluvchi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali aniqlanadi va manzilli hal etiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat,
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA