Markaz bitiruvchilari ishga yo‘llanma oldi
Samarqand shahar kasb-hunarga o‘qitish markazining ilk bitiruvchilariga diplom topshirildi.
Samarqand shahar kasb-hunarga o‘qitish markazining ilk bitiruvchilariga diplom topshirildi.Shu munosabat bilan markazda “Koreys tili va madaniyati kuni” tadbiri o‘tkazildi. Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Im Jong Xi xonim, Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori Ismoil Ergashev, Koreya texnologiyalari va ta’lim universiteti professori Jang Jong De va boshqalar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalari ta’lim sohasida ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida yurtimizda kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlanmoqda. Bu yo‘nalishda 2012-yilda Toshkent shahrida kasb ta’limi markazi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-maydagi qaroriga muvofiq, 2016-yil oktabr oyida Samarqand shahrida kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyat boshladi va dastlabki tinglovchilarni qabul qildi.
Markazda ishsiz yoshlar va vaqtincha band bo‘lmagan aholini, jumladan, kasb-hunar kollejini bitirgan, doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslarni avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash va chilangarlik ishlari, elektrotexnika va elektronika, axborot texnologiyalari mutaxassisliklari bo‘yicha kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash belgilangan. O‘quv jarayoni jahon tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejasi va dasturlari asosida olib boriladi. Shu maqsadda markazda saboq berish uchun saralangan o‘qituvchi va mutaxassislar Janubiy Koreya ta’lim va texnologiyalar universitetida malaka oshirib keldi. Ushbu o‘quv yurti mutaxassislari bilan hamkorlikda darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlandi.
Markazda o‘qish muddati 10 oy, dars amaliy mashg‘ulot tarzida olib boriladi va nazariy bilimlar ham shu jarayonda o‘rgatiladi. Olti oylik mashg‘ulotlardan so‘ng to‘rt oy davomida ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘taladi. Ana shu o‘quv jarayonlarida tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha puxta bilim va kasb-hunar o‘rgangan 216 nafar yoshga diplom va korxonalarga ishga joylashgani to‘g‘risidagi sertifikat topshirildi.
– Avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida o‘qib, soha bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallaganimdan xursandman, – deydi Ishtixon tumani Yangi kent mahallasida yashovchi S.Mustafoyev. – O‘qishdan so‘ng Samarqand avtotexxizmat korxonasida amaliyot o‘tadim va endi shu yerda ishlayman. Bundan ota-onam, butun oilamiz juda xursand.
Tadbir doirasida markaz o‘qituvchi va o‘quvchilari koreys milliy o‘yinlarini namoyish etdi. Janubiy koreyalik mutaxassislar yordamida markaz til markazi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan koreys milliy taomlari ko‘rgazmasi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shu kuni tantanali ochilgan “Koreys madaniyati markazi”da ilk bor markaz o‘quvchilari tomonidan o‘zbek va koreys xalqlari milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslar ijro etildi.