Ma’rifatga oshufta sud xodimlari
Kitob, teatr, muzeylar – inson kamolotida, uning axloqi va dunyoqarashida muhim vosita hisoblanadi. Ma’naviyati yuksak inson esa qaysi sohada faoliyat olib bormasin, chuqur ilmi, yetuk salohiyati bilan ajralib turadi.
Namangan viloyati sudi tashabbusi bilan tizim xodimlari o‘rtasida muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Isoqjon Nishonov bilan ijodiy uchrashuv uyushtirildi.
Viloyat sudi sudyalari va xodimlari ishtirokida kechgan uchrashuvda yozuvchining hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi. “Afg‘on shamoli”, “Jasorat”, “Dovon”, “Tergovchi xotiralari”, “Adolat g‘ori”, “Ular qotillikda ayblanmaydi” kabi 50 dan ziyod roman va qissa muallifi Isoqjon Nishonov aksariyat asarlariga sud-huquq sohasining adolat tamoyillarini mavzu qilib olgan, mazkur tizimda faoliyat olib borayotgan shaxslar yozuvchi asarlarining bosh qahramoniga aylangan.

Muloqotda roman va qissalar yozilishiga sabab bo‘lgan voqea-hodisalar, shaxslar haqida ijodkor tomonidan qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Ma’naviyat va madaniyat tadbirlari tarix tilsimoti, qadriyatlar beshigi hisoblangan maskan – Namangan tarixi va madaniyati davlat muzeyida davom etdi.

Sud tizimi xodimlari viloyatning qadim tarixi va madaniyatidan so‘zlovchi osori-atiqalar, eksponatlar bilan tanishdi. Muzeydan olingan taassurotlar sudya va sud xodimlariga ma’naviy zavq bag‘ishladi.
Viloyat sudlarining sudya va xodimlari oila a’zolari bilan viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib, “Ibrat” spektaklini tomosha qilishdi.

Muxtasar aytganda, Namangan viloyati sudi tomonidan uyushtirilgan madaniyat va ma’rifat tadbirlari sud-huuquq sohasi vakillarining ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobga, teatr san’ati va muzeylarga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri