Marg‘ilondan dunyoga taralgan atlas jozibasi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida “Atlas bayrami” VII xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uch kun davom etgan festival milliy hunarmandchilik, an’anaviy to‘qimachilik san’ati va zamonaviy dizayn yo‘nalishlarini qamrab oldi. Unda dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan hunarmandlar, dizaynerlar, ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Maxl, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, xorijiy davlatlardan kelgan hunarmandlar, dizaynerlar, san’at namoyandalari, soha mutaxassislari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev festival milliy qadriyatlar, an’anaviy hunarmandchilik, ijodiy izlanishlar va xalqaro hamkorlikni o‘zida mujassam etgan muhim madaniy tadbirga aylanganini ta’kidladi.
Festival turli mamlakatlar vakillarini bir maydonda jamlab, milliy to‘qimachilik san’atini asrab-avaylash, uni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish va madaniyatlararo muloqotni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, ustalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ular mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida hunarmandchilik sohasi aholi bandligi va daromadlarini ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.
Ayni paytda Farg‘ona viloyatida 3 mingdan ziyod “Hunarmand” uyushmasi a’zosi faoliyat yuritmoqda.
Qo‘qon shahri hunarmandchilik, Rishton kulolchilik, Marg‘ilon esa atlas va adras to‘qish an’analari bilan mamlakatimiz milliy madaniyatining o‘ziga xos markazlari sifatida tanilgan. Ushbu hududlarda o‘tkazilayotgan xalqaro festivallar hududning boy madaniy merosi va milliy hunarmandchilik salohiyatini keng targ‘ib etish, mahalliy ustalarning xorijiy hamkasblari bilan aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yopilish marosimida milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlar mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Festival uchun “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining tanlangani tadbir mazmun-mohiyati bilan uyg‘unlashdi. “Vodiy gavhari” sifatida e’tirof etilayotgan mazkur majmua milliy madaniyat, ma’rifat, hunarmandchilik va sayyohlik salohiyatini namoyon etuvchi muhim maskanlardan biriga aylanib bormoqda.
Tadbirda so‘z olgan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Maxl festival xalqaro ahamiyati, milliy madaniy merosni asrab-avaylash hamda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda bunday tadbirlarning o‘rni haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston hukumati va festival tashkilotchilariga minnatdorlik bildirilib, milliy hunarmandchilik va madaniy merosni asrab-avaylash, an’analarni kelgusi avlodlarga yetkazishga qaratilgan tashabbuslarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng festival doirasidagi tanlovlarning xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari tanishtirilib, qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilindi va munosib taqdirlandi.
Tantanali marosimda el suygan san’atkorlar ijrosidagi dilbar qo‘shiqlar yangradi, turli xalqlarning milliy raqslari namoyish etildi. Rang-barang chiqishlar tadbir ishtirokchilari va mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-31522]
Milliy hunarmandchilik, san’at va xalqaro hamkorlikni o‘zida mujassam etgan “Atlas bayrami” VII xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivalining tantanali yopilish marosimi yorqin mushakbozlik bilan yakunlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA