Marg‘ilon va Qo‘qon yanada obod bo‘ladi
Prezidentimiz 2019 yil 14 sentabr kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini kompleks rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishib, uy-joylar qurilishi va boshqa yo‘nalishlarda zarur ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi.
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezidentimiz 2019 yil 14 sentabr kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini kompleks rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishib, uy-joylar qurilishi va boshqa yo‘nalishlarda zarur ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda bu shaharlarda mavjud resurslardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, aholi bandligi, daromadlari va turmush darajasini oshirish bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqildi.
2020-2022 yillarda Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra Marg‘ilon shahrida 262 ta, Qo‘qon shahrida 141 ta loyiha amalga oshiriladi. Qo‘qon shahridagi «Shaffof omadli sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatida yuk tashuvchi karalar hamda elektromobil ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Zavodda yiliga 2 ming dona elektromobil ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 40 million dollar, jumladan, 24 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir. Hujjatga ko‘ra, elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish natijasida 300 ta ish o‘rni yaratiladi.
Mazkur shaharlarda 231 ta ko‘p kvartirali uy-joylar bunyod etiladi, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, ichimlik, oqova suv, gaz, elektr-energiya va issiqlik ta’minotini yaxshilash choralari belgilab olingan. Shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnik ta’minotini yanada mustahkamlash bo‘yicha ham manzilli ro‘yxat ishlab chiqilgan.
Farg‘ona viloyati hokimligida 2020-2024 yillarda Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda bu borada ma’lumot berildi.
Mazkur loyihalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Mas’ullarga Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniev so‘zga chiqdi.