Mardlar qo‘riqlaydi vatanni
Ma’lumki, O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992 yil 14 yanvardan respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” deb belgilandi va har yili mamlakatimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda, haqiqiy xalq bayrami sifatida nishonlab kelinadi.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Armiya va xalq - bir tanu bir jon!» degan g‘oyasi bugun barcha tuzilmalar tomonidan xususan, qurolli kuchlar tizimida ham o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Bu albatta, harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim va oliy ta’lim muassasalarida sifatli ta’lim berilishi bilan birga chin ma’nodagi harbiy vatanparvarlarni, shijoatli kasb egalarini tayyorlashda dasturul amal bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Kishining tug‘ilganda kindik qoni to‘kilgan yer uning Vatani hisoblaniladi. Mana shu Vatanini asrab-ardoqlash, ximoya qilish xar bir insonning muqaddas burchidir. Axir donolarimiz bekorga aytishmaganku:
Tug‘ilgan yerdan ko‘ngil uzilmas,
Yurt qo‘riganning yurti buzilmas.
Yurtda vatanni sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mardlar bor ekan shu yurt doimo yuksalaveradi, gullayveradi.
Albatta, Vatanni himoya qilish barcha uchun muqaddas burch hisoblanadi. Bu burchni ado etishda yurtimizning himoyachilari bo‘lgan milliy armiyamiz va barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda olib borayotgan xizmatini baholash, hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari ham davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Bugungi kunda dunyoning turli joylarida keskin tus olayotgan vaziyatda, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavf-xatarlari barchamizni ogoh bo‘lishga chaqiradi va Qurolli kuchlarimizdan esa yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlashni talab etadi. So‘nggi yillarda davlatimiz harbiy-siyosiy masalalarida ham tub islohotlar amalga oshirilib, milliy armiyamiz har qanday tahdidlarga munosib zarba beradigan jangovor qudrati yildan yilga oshib bormoqda.
Biz bilamizki azal-azaldan harbiylik kasbi mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasb sifatida sanalib kelingan. Mashaqqati shundaki, vatanimizning tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha mas’uliyat harbiylarimiz zimmasiga tushadi. Ular kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, qahraton sovuqqa ham, jazirama issiqqa ham bardosh berib vatanimiz tinchligini, uning sarhadlarini qo‘riqlab kelishmoqda.
Mamlakatimiz mudofa qobiliyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini ta’minlash borasida joylardagi harbiy ta’lim muassasalari rolini oshirish bo‘yicha ishlar butunlay yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.
2024 yilni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi ham tom ma’noda yuqoridagi fikrlarimizning mantiqiy asosi sifatida qaralishi maqsadga muvofiqdir.
D.S.Abdullajanova,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash kafedrasi dotsenti