Mard yigitlar xizmatga yo‘l oldi
Samarqand shahridagi kichik mutaxassislar tayyorlash markazida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan bir guruh yoshlar Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi mas’ullari, faxriy xizmatchilar, nuroniylar ishtirokida tantanali kuzatildi.
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Qahramon Ochilov va boshqalar muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni tabriklab, yigitlik burchini ado etishga otlangan chaqiriluvchilarga zimmalariga olayotgan mas’uliyatli va sharafli vazifani munosib bajarib, ona-Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishlari va ota-onalari ishonchini oqlab, yorug‘ yuz bilan qaytishlarini tilashdi.
- Men tug‘ilganimdayoq ota-onam harbiy bo‘lishimni niyat qilib, yurtimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda qahramonlik ko‘rsatgan samarqandlik Sayyor Sadinovdek harbiy xizmatchi bo‘lsin deya ismimni Sayyor qo‘yishgan, - deydi payariqlik Sayyor Hasanov. – Sayyor Sadinov harbiy xizmatchi bo‘lgan amakimning safdoshi bo‘lgan. Yoshligimdan ota-onam, amakimdan u kishining jasorati, mardligi haqidagi ko‘p eshitganman va qalbimdagi harbiylikka havas ortib bordi. Mana bugun yaqinlarim va o‘zim orzu qilgan kunlar yetib keldi. Men ham harbiy libos kiyib ona Vatanim himoyasiga otlandim. Shu kungacha faqatgina harbiylikni sharafini his qilgan ekanman. Harbiy libosni kiygach uning mas’uliyatini his etarkan kishi.
Yigitlik burchini bajarishga chog‘langan yoshlarning barchasi ona Vatanga munosib xizmat qilish, uning har bir qarich yerini ko‘z qorachig‘idek asrab-avalashni maqsad qilib, harbiylik mas’uliyatini zimmasiga olishgan.
Marosimda muddatli harbiy xizmatchilarga Samarqand viloyati hokimligi va okrug qo‘mondonligi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-5999]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA