“Mard o‘g‘lon”: nomzodlar saralandi
Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti tanlovining viloyat saralash bosqichining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, iste’dod va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti tanlovi yosh iste’dod sohiblarining kamol topishi, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti tanlovi yoshlarni ulkan marralar, maqsadlar sari ruhlantiradi, qalblarida Vatanga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Zero, yurt kelajagi ana shunday mard, jasur, bilimli va tashabbuskor yoshlar qo‘lidadir.
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti nomzodlarini saralash bo‘yicha viloyat bosqichida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan tavsiya etilgan 57 nafar iqtidorli, tashabbuskor va faol yoshlarning faoliyati, ular tomonidan taqdim etilgan hujjatlar belgilangan nizom talablari va mezonlar asosida ko‘rib chiqildi.
Tanlov jarayonida ilm-fan sohasida ulkan yutuqlarga erishayotgan iqtidorli, yangi ish o‘rinlari yaratib, tengdoshlari bandligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan tadbirkor, xalqaro maydonlarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan sportchi, shuningdek, madaniyat, adabiyot, san’at yo‘nalishlarida tashabbuskorligi bilan ajralib turgan faol yoshlar o‘zlarining bilim, iqtidor va salohiyatlarini namoyon etdi.
[gallery-28934]
Saralash komissiyasi tomonidan nomzodlarning shaxsiy yutuqlari, erishgan natijalari, jamoat ishlaridagi faolligi, faol va tashabbuskorligi o‘rganib chiqildi. Har bir nomzodning faoliyati belgilangan mezonlar asosida tahlil qilindi.
Viloyat saralash bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan iqtidorli yoshlar tanlovning respublika saralash bosqichiga tavsiya etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.