Maqsadli sarmoya – samaradorlik omili
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida “Agrar sohada xorijiy investitsiyalar – barqaror rivojlanish omili” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida “Agrar sohada xorijiy investitsiyalar – barqaror rivojlanish omili” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Unda qishloq xo‘jaligiga zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini tatbiq etish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishga yo‘naltirilgan loyihalar va ularning natijalari xususida so‘z yuritildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida keyingi besh yilda xorijiy investitsiyalar va beg‘araz texnik ko‘maklar jalb etilgan holda o‘n beshdan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirildi. “O‘zbekiston drenaj loyihasi. Janubiy Qoraqalpog‘istondan drenaj o‘tkazish”, “Amu-Zang mashina kanali tizimini qayta tiklash”, “Andijon viloyatidagi “Ulug‘nor”, “Raish-Xakent-1” va “Gulbahor-1K” nasos stansiyalarni qayta tiklash” kabilar shular sirasidandir.
Natijada ko‘plab gidrotexnik inshoot va sug‘orish tarmoqlari qurilib, kollektor va drenajlar ta’mirlandi, xorijdan texnikalar olib kelindi. 630 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanib, 450 ming gektarda suv ta’minoti kafolatlandi.
– Investitsiyaviy loyihalar nafaqat suv ta’minotini yaxshilashga, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qilayotir, – deydi Suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Allamjon Fozilov. – Misol uchun, loyihalar doirasida fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalariga 75 million dollardan ziyod sarmoya ajratildi. Bu esa bir yarim ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish, 200 gektardan ko‘proq maydonda issiqxonalar qurish, 5 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sexini ishga tushirishga amaliy ko‘mak bo‘ldi. 25 ming tonnadan ko‘proq sig‘imga ega muzlatgichli omborxonalar foydalanishga topshirilgani esa eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 17-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida hozirda 18 loyiha doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ularni amaliyotga joriy etishda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Arab muvofiqlashtirish guruhi va qator mamlakatlarning mablag‘lari jalb etilgan.
2015-yil noyabrda o‘tkazilgan Xalqaro investitsiyaviy forumda imzolangan kelishuv doirasida xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish. Faza-2” va Namangandagi «Ququmboy» nasos stansiyasini qayta tiklash loyihasi amalga oshiriladi.
Tadbirda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil yetishtirilayotgani, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi to‘liq ta’minlanayotgani, ichki bozorda narx-navo barqaror saqlanib, eksport salohiyati ortayotganida maqsadli investitsiyalarning alohida o‘rni borligi ham qayd etildi.