Maqsading ro‘yobga chiqsin, Najmiddin!
Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida abituriyentlar davlat test sinovlarini topshirdi.
Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida abituriyentlar davlat test sinovlarini topshirdi.
Prezidentimiz rahnamoligida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quv-tarbiya ishlari va qo‘shinlarning jangovar faoliyatini tashkil etishning yangi shakl va usullari yaratilmoqda. Zarur kasb ko‘nikmasi va tashkilotchilik qobiliyatiga ega, intellektual salohiyati yuqori, murakkab vaziyatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qilishga qodir ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.
Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida yaratilgan zamonaviy o‘quv xonalari, turli qurol-yarog‘ va jangovar texnika, mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan trenajyorlar, sport inshootlari, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi zamonaviy yutuqlardan foydalangan holda, o‘quv jarayonlariga ta’limning innovatsion shakl va usullari joriy etilayotgani yetuk va malakali ofitserlar tayyorlashga xizmat qilmoqda. Malakali professor-o‘qituvchilar to‘rt yil davomida ularga kasb sirlarini o‘rgatmoqda.
Joriy yilda qariyb 700 yoshning hujjat topshirgani oliy harbiy ta’lim muassasasida tahsil olib, kelajakda ofitser sifatida el-yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishni istaganlar safi tobora kengayib borayotganidan dalolatdir.
Test sinovlarini topshirgan abituriyentlar orasida akademik litseyni tamomlagan, kasb-hunar kollejini bitirib, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlar ham bor. Jizzaxlik Najmiddin Isoqulov ulardan biri.
– Nufuzli dargohning kursanti bo‘lish, harbiy libos kiyish uchun faqat ishtiyoqning o‘zi kamlik qilishini, buning uchun yuksak intellektual salohiyat, puxta jismoniy tayyorgarlik, alohida ruhiy-ma’naviy xususiyatlar talab etilishini yaxshi bilaman, – deydi Najmiddin. – Shu bois avval kollejni tugatdim, so‘ngra muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytdim. U yerda jismonan chiniqdim, toblandim, bilimimni boyitdim. Testgacha bo‘lgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdim. Testda ham yuzim yorug‘ bo‘lishiga ishonaman. Maqsadim harbiy aviatsiya mutaxassisi bo‘lib, Vatanimga xizmat qilish!