Maqsad: yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash
Sirdaryo viloyati “IT RARK” binosida OzLiDeP viloyat va Guliston shahar Kengashi tomonidan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatiga qiziqishini kuchaytirish, o‘z biznesini tashkil etish uchun iqtisodiy va huquqiy sharoitlar yaratish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Unda “IT - CENTER” Guliston shahar filiali xodimlari, deputatlar, Yoshlar ishlari agentligi Guliston shahar bo‘limi, Guliston davlat universiteti va viloyat yuridik texnikumi talabalari, “Yoshlar parlamenti” a’zolari va OAV vakillari ishtirok etdi. Davra suhbati shaklida o‘tkazilgan tadbirda OzLiDeP Guliston shahar Kengashi Apparat rahbari, shahar kengashi deputati Lola Kenjayeva kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, bugungi kunda mazkur sohani jadallik bilan rivojlantirish, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning safini yanada kengaytirish va rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

Yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ammo yoshlar ham shunga javoban, o‘z g‘oyalari, fikrlari, faolligi va tashabbuskorligi bilan javob berishi kerak. Shu bilan birga muhim siyosiy jarayonlarda o‘z so‘ziga ega yoshlar qatorida faol ishtirok etishi muhim. Xususan, suhbatda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – Prezidentlik saylovida yoshlar faol ishtirok etishi lozim.
Tadbirda “IT - CENTER” tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusidagi rejalar ham tanishtirildi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov( surat), O‘zA