Maqsad – ishlab chiqarishni mahalliylashtirish
Jizzax viloyati hokimligida “Ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Joriy yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, viloyatda jami 4 ming 469 ta sanoat korxonasi mavjud bo‘lib, ulardan 4 ming 79 tasi yoki 91,3 foizi faoliyat ko‘rsatayotir va shundan, yirik sanoat korxonalari 30 tani, kichik sanoat korxonalari soni esa 4 ming 49 tani tashkil etyapti.

Ushbu sanoat korxonalari tomonidan 2022 yil yanvar-noyabr oylarida 9 trillion 800 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 2021 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 108,1 foizni tashkil etgan. Shundan, mahalliy sanoat korxonalari tomonidan 7 trillion 200 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 trillion 100 milliard so‘mga, hududiy sanoat korxonalari tomonidan esa 4 trillion 800 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,9 foizni tashkil etgan.
– Sanoat salohiyatini rivojlantirish maqsadida yakuniga yetib borayotgan yilning 11 oyida qiymati 1 trillion 500 milliard so‘mlik 83 ta sanoat loyihasi amalga oshirilishi hisobiga 2 ming 700 ta yangi ish o‘rni yaratildi, band bo‘lganlarning asosiy qismini ayollar va yoshlar daftari ro‘yxatida turganlar tashkil etadi, – deydi Jizzax viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Sarvar Abdullayev. – Joriy yil yakunida jami sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 10 trillion 300 milliard so‘mlik yoki 107,4 foizga, mahalliy sanoat 7 trillion 800 milliard so‘mlik yoki 100,5 foiz, hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 4 trillion 900 milliard so‘mlik yoki 111,9 foizga bajarilishi kutilmoqda.

Kelgusi 2023 yilda esa jami sanoat korxonalari tomonidan 11 trillion 800 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 107,9 foizga oshirilib, 2022 yilga nisbatan 109,6 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, kelasi yilda qiymati 6 trillion 500 milliard so‘mlik 100 ta sanoat loyihasi amalga oshirilishi hisobiga “Insonga e’tibor va ta’lim sifati yili”da 4 ming 900 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Maqsad, viloyatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishdir. 2022 yilda mahalliylashtirish dasturining korxonalari soni 2017 yilga nisbatan 8 martaga, loyihalar soni 4 martaga, ishlab chiqarish hajmi esa 162 martaga oshirilgan.
Prezidentimizning 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mahalliylashtirish dasturida 2022 yilda 50 ta korxonada 66 turdagi 1 trillion 737 milliard so‘mlik yoki 2021 yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘p mahsulotlar ishlab chiqarilishi, import o‘rnini bosish samaradorligi 158 million AQSH dollarini tashkil etishi belgilangan.

Davlat dasturlari ijrosi doirasida viloyatda bir qator yangi turdagi sanoat mahsulotlari – sendvich panellari, penopolietilen, motor moyi, bazalt tolasidan kompozit quvurlar, suyuq qoplamali gulqog‘oz va boshqa mahsulotlar o‘zlashtirilgan.
Davlat dasturi ijrosi yo‘nalishida 50 ta korxonada 66 turdagi 3 trillion 900 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari hajmi 244 foizga bajarilgan.
Ma’lum qilindiki, 2023-2024 yillar uchun viloyatdagi 22 ta korxonada 249 milliard so‘mlik 42 ta import o‘rnini bosuvchi yangi loyiha mahalliylashtirish dasturiga taklif etilgan. Shuningdek, viloyatda yangi shakllantirilgan 2023-2024 yillar uchun mahalliylashtirish dasturiga asosan 62 ta korxonada 101 turdagi 9 trillion 100 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA