Ma’naviyatning zalvorli ustuni
Oramizda shunday insonlar borki qalbi, mehri, fikru-xayoli vataniga, kindik qoni to‘kilgan ona zaminiga payvasta bo‘ladi. Bunday insonlar doimo xalqining tinchligiyu ravnaqini o‘ylab, unga qanday qilib bo‘lsa ham xizmat qiladigan yaxshilikni ko‘zlab tunu-kun yonadilar.
Ana shunday go‘zal fazilatli insonlar qatorida biz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Surxondaryo viloyati Denov tumani Ma’naviyat targ‘ibot bo‘limi rahbari Toshtemir Turdiyevning alohida o‘rni borligini aytmasdan o‘tolmaymiz.
Otashqalb, xalqparvar yozuvchi Toshtemir Turdiyev nafaqat Surxon o‘lkasining Denov tumanida, balki butun o‘zbek xalqi orasida o‘zining jonkuyarligi, vatanparvarligi va millatiga bo‘lgan cheksiz hurmati bilan aziz bo‘lgan buyuk shaxsdir. Toshtemir Turdiyev tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar va u kishining qalamiga mansub kitoblar bilan yaqindan tanishgan kitobxon adibni nafaqat yetuk yozuvchi, balki buyuk tarix bilimdoni sifatida kashf etadi.
Tashabbuskor, izlanishdan charchamaydigan ustoz faoliyati davomida Surxondaryoda tug‘ilib, ijod etgan shoira Ra’no Uzoqovaning qo‘lyozma shaklidagi she’rlarini jamlab, “Subhidam qaldirg‘ochi”, “Talpin yurak” nomli she’riy to‘plamlarini chop ettirdi. Ko‘p o‘tmay shoiraning “Saylanma”si ham ustoz Toshtemir Turdiyevning mehnatlari natijasi o‘laroq dunyo yuzini ko‘rdi. Bir so‘z bilan aytganda, Ra’no Uzoqovaning adabiyot olamidagi o‘rni Toshtemir Turdiyev zahmatlari bilan yanada mustahkamlandi.
Ra’no Uzoqovaning «Qahramon» nomli she’ridan shu o‘rinda parcha keltirib o‘tishni joiz bildik.
Qaysi dilda bo‘lsa sherdek jasorat,
U ko‘rsatar kurashlarda mahorat.
U maqtalar tillarda va ellarda,
U saqlanar hamisha ko‘ngillarda.
O‘z vaqtida, 2000 yil ayni yurt ayyomlari jarayonida ham yurtimizda “Alpomish” dostonining 1000 yilligi keng miqyosda nishonlandi. Ushbu bayramga munosib tuhfa sifatida yozuvchi “Alpomish” dostonining Surxondaryo variantini Xo‘shboq baxshidan yozib olib, 10 ming nusxada chop ettirdi. Yillar silsilasidan o‘tib, xalqimiz qon-qoniga kuy bo‘lib singgan bu haqiqat. Millatimizning xazina dostoni bo‘lmish ushbu xazinaning ilk bor Surxondaryo varianti kitob holatida chop etilishida ham Toshtemir Turdiyevning jonkuyarligi, naqadar zakiylik barobarida ajdodlarimiz merosini kelajak avlodga yetkazuvchi, “yo‘lchi yulduzi” bo‘layotganidan so‘zlasak mubolag‘asi bo‘lmaydi.
Bunday ilmparvar, fidoyi insonlarning oramizda mavjudligi esa biz shogirdlar qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldiradi. 2010 yilda ustoz Toshtemir Turdiyevning tashabbusi bilan “Denov tafakkur charog‘lari” nomli kitob “Universitet” nashriyoti tomonidan chop etilgan navbatdagi almanax to‘plami bo‘lgan. Shu asnoda 2015 yil “Chag‘oniyon tarannumi” nomli bayoz “Musiqa” nashriyoti tomonidan chop etilib, o‘z kitobxonlari qo‘liga yetib bordi. Mazkur kitob Surxondaryo yoshlariga, xususan Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari ijodkorlari ijodidan yig‘ib nashrga tayyorlab berilgani maqtovga loyiq edi. Ushbu kabi bayozlar qatida o‘z ishtirokini, zavqini tuyish aksariyat ijodkorlarning ruhiyatiga quvonch berish barobarida, imkoniyat va ko‘mak hamda ruhiyat baxsh etishining navbatdagi go‘zal ko‘rinishi edi, mahsuli edi.
Millat ravnaqi, buguni ertasi ongu-shuurini bir zum tark etmagan adib 2010 yilda “Surxondaryo xalq qo‘shiqlari” nomli kitobini keng ommaga taqdim etdi. Mazkur kitob xalqimizning etnik madaniyati, urf-odatlari, kuy-qo‘shiqlarini o‘zida mujassam etgan.
Izlanishdan to‘xtamagan, yangilik yaratishdan tolmagan yozuvchi 2012 yilda “Denov qasidasi” nomli kitobini chop ettirdi. Toshtemir Turdiyev ushbu kitob orqali Surxon o‘lkasining so‘lim maskanlaridan bo‘lmish Denov tumanining tarixiga, madaniyatiga urg‘u berib millat shajarasiga ko‘zgu tutdi.
Asarda Denovning muqaddas qadamjolaridan bo‘lmish Said Otaliq madrasasining ulug‘lanishi, Naqshbandiya tariqatining tolmas targ‘ibotchisi Hoja Alouddin Attor hazratlarining Buxoroi sharifdan kelib umrining so‘nggi yillarini Denovda o‘tkazganliklari haqida ibratli dalillar keltirilishi ulug‘ adibning ziyrak tarixshunos ekanidan dalolat beradi.
Hoja Alouddin Attor hazratlariga ustozning say-harakatlari bilan maqbara bunyod etilgani ham bu insonning qanchalik moziyga hurmati baland ekani nishonasidir. Asarda keltirilganidek mashhur “SHOHNOMA” asarini boshlab bergan va unga tamal toshini qo‘ygan buyuk Daqiqiy ham aynan shu o‘lkada yashab ijod qilgani beixtiyor har bir denovlik inson qalbiga faxr tuyg‘usini bersa ne ajab.
Qariyb 3,5 ming yillik tarixga ega Denov ne-ne fozil insonlarga beshik bo‘lgan va qanchadan-qancha tarixshunos olimlarning qiziqishiga sabab bo‘lgan ulug‘ maskandir.
Ustoz Toshtemir Turdiyev kitoblarini o‘qir ekansiz, bu insonni chin ma’noda o‘z yurtiga haykal qo‘ygan yurt fidoyisi ekaniga amin bo‘lasiz. Shunday fidoyilikning ko‘rinishi sifatida adib 2020 yil yana bir buyuk kitob “Quyosh ardog‘idagi yurt” kitobini ommaga taqdim etdi.
Inson borki o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan vatanining tarixini bilgisi, unga munosib farzand bo‘lgisi keladi. Aynan mazkur kitob yurt ishqi, Vatan muhabbatiga yo‘g‘rilgan tuyg‘ular ifodasidir.
Kishining ko‘ngli qanchalik toza bo‘lsa, atrof-olam ham unga shunchalik go‘zal qiyofada namoyon bo‘ladi. Toshtemir Turdiyev odamlar qalbidagi ezgulikni ko‘ra bilguvchi, qalblarga ziyo ulashguvchi sehrli qalam sohibidir.
Bir inson vatanini qay darajada sevadi, unga bo‘lgan mehrini qanday ifodalaydi? Bu kabi savollarga biz “Quyosh ardog‘idagi yurt” kitobi orqali javob topamiz. Darxaqiqat, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasi professori Qurbonpo‘lat Nazarovning ushbu kitobida adib to‘g‘risida Toshtemir akaning quyidagi “Menga xudo qanot berganidayam faqat Denovim ustida uchib yursam kerak” degan fikrlarini vatanparvarligiga asl dalildir, deya keltirganlar. Aynan shu kitobda yana O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ayni ustozni “Tosh” va “Temir”ga qiyoslab, “Tosh” ham “Temir” ham mangu haqiqatga daxldor unsurlardan. Ular avvali bor bo‘lib oxiri bo‘lmagan, oxiri bor bo‘lib avvali bo‘lmagan timsoli. Men Denov hamda Denov ahli quvonganda birga quvonib, yig‘laganda ularga qo‘shilib birga yig‘laydigan jon-jigar, birodarim Toshtemir Turdiyevga “Tosh” bilan “Temir”ning mustahkam tabiati va ularning umrini tilayman” deya bildirgan iliq fikrlari ustozning timsoliga berilgan munosib e’tirof.
Yillar o‘tar, asrlar o‘tar qanchadan-qancha dunyoni lol qoldirgan binolar, asoru-atiqalar sekin-asta o‘z jilosini yo‘qotishi mumkin. Ammo, insondan insonga qoladigan yagona meros — “So‘z”gina o‘z qadr-qiymatini sira yo‘qotmaydi.
Agarki so‘z buyuk qudratga ega bo‘lmaganida edi javonlarimizni to‘ldirib, bizni o‘ylashga, fikrlashga, kezi kelganda yig‘lashga, kulishga majbur qiluvchi kitoblar yaralmagan bo‘lar edi. Ana shunday sehrli so‘z ishqi qahramonimiz, o‘tkir qalam sohibi Toshtemir Turdiyev hayotining mazmuni desak ayni haqiqatni so‘zlagan bo‘lamiz. Ustozning hayot va umr yo‘llariga havas qilib, shu o‘rinda beixtiyor ilhom tutib: —
Chinorlarga ko‘rk berar hanuz,
Asrlarga daxldor siyrat,
Yuragining urishida “so‘z”
Xalqim deya yashaydi faqat... — deging keladi.
VATAN
Tizginini bermaydi umr,
Men undan hech izn so‘ramam.
Yuragimdan otilar g‘urur,
Olg‘a yurgum, ortga qaramam.
El dardida bir kunim o‘tsa,
Bilgum, baxtning toji boshimda,
Yaqinlarim sog‘inib kutsa,
G‘am soyasi kelmas qoshimga.
Vatan — qalbdan chekinar alam,
Zarbof to‘nga burkanar qalbim.
Oh, nechog‘li sehrli kalom,
Undan ayro etmagil tangrim.
Hu — adirlar etaklarida,
Uyur — uyur ozod yilqilar.
Daraxtlarning kurtaklariga,
Kapalaklar sarhush yiqilar.
Chanqovuzin chalib “biyu — biy”,
Momolarim xirom aylasa.
Birodarim armoningni qo‘y,
Bari bo‘lar tinchlik siylasa.
Bobolarim yo‘ngan beshikda,
Farzandimga alla aytaman.
Do‘stga doim ochiq eshikdan,
Quvonchlarni kutib olaman.
Oyning o‘rog‘iga yonboshlab,
Oftob birla qo‘shiq kuylayin.
Tog‘laridan lola yo‘rgaklab,
Bulutlar bag‘riga belayin.
Mehringdan suv ichgan qoshlarim,
O‘zligimdan so‘ylab turgusi.
Jamalakka ingan sochlarim,
Millatimning so‘nmas tuyg‘usi.
Ha men o‘zbek qizi ko‘ksimda,
Dukillaydi beklik ziynati.
Bug‘doydan rang olgan yuzimda,
Lovullaydi yurtim siyrati.
Zamira RAJABOVA,
Xalqaro TURON yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira
O‘zA