Ma’naviyati yuksak avlod yurt tayanchi
Mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport, turli gumanitar tarmoqlarni yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradaga ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida foydalanishga topshirilgan ko‘plab ko‘rkam va zamonaviy ob’ektlar qatorida Qarshi shahrida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega binoda Ma’naviyat maskani ham foydalanishga topshirildi. Respublikada birinchilardan bo‘lib qurib foydalanishga topshirilgan ushbu ikki qavatli ziyo maskanining birinchi qavatida nuroniylar hordiq chiqarishi uchun dam olish burchagi, trenajyor zali, kutubxona, oshxona, yuvinish xonalari, shuningdek, anjumanlar zali joylashgan. Yuqori qavatda esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari faoliyat yuritmoqda.
Rahbar va mutaxassislar xonalari, majlislar zali, kutubxona zamonaviy jihozlar, kompyuterlar, kitoblar jamlanmalari bilan jihozlangan. Ijodkorlar va ma’naviyat targ‘ibotchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida tashqarida alohida ayvon, oshxona, dam olish joylari qurilgan. Binoni qurish va jihozlashda o‘ziga xoslikka, ijodkorlik muhitiga alohida e’tibor qaratilgan. Maskandagi yana bir e’tiborga molik jihat shuki zal va xonalar bo‘ylab mumtoz musiqalar, o‘zbek adabiyoti namunalari eshittirib turiladi. Endilikda mazkur audio fayllarni madaniyat va istirohat bog‘iga ham yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
– Yaratilgan qulaylik bizni yanada faol ishlashga undaydi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Lola Saodatova. – Yaqin istiqbolda ma’naviy-ma’rifiy ekspeditsiyalar uyushtirish, milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish maqsadida “Baxshiga baxshida kun”, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalangan holda “Ma’naviyatga yo‘l” intellektual tanlovini tashkil etish, yoshlarning adabiyot va san’atga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “Adabiyotga sayohat” kabi loyihalarni o‘tkazish, “Bir ziyoli – namunali homiy”, “Eng namunali muassasa”, “Eng namunali tashkilot” tanlovlarini o‘tkazish, ijtimoiy, badiiy adabiyotlar chop etish kabi vazifalar kun tartibimizda turibdi. Yangi maskan ushbu rejalarni ro‘yobga chiqarishda kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Masalan, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish, qamrovini kengaytirish va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh fidoyilarni rag‘batlantirish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan 2021 yilning 28 dekabr kuni Ma’naviyat maskanida “Yil sarhisobi” tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastlab “Yilning eng faol ma’naviyat fidoyilari TOP-15” sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdirlanganlar orasida tuman va shahar hokimlari, boshqarma boshliqlari, IIB, aviatsiya bilim yurti, OAV vakillari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hududiy bo‘linmalari rahbar-xodimlari borligi e’tiborga molik.
[gallery-5994]
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Suratlarda – istiqlol nafasi” mavzusidagi fotolar tanlovi e’lon qilingan edi. Tanlovga istiqlolning 30 yilida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yuksak natijalar, o‘zgarishlar, yangilanishlar aks etgan fotosuratlar qabul qilindi. O‘ziga xos uslub, kreativ yondashuv, yangicha nazarga alohida e’tibor berildi. Eng muhimi, tanlovda professional fotograflar bilan birga, surat olishga qiziquvchilar, barcha-barcha ishtirok etdi. Quvonarlisi tanlov g‘oliblari orasida O‘zbekiston milliy axborot agentligining Qashqadaryo viloyatidagi fotomuxbiri Jamshid Norqobilov ham bor.
Ta’kidlash o‘rinli, Prezidentning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ma’naviy-ma’rifiy sohada juda katta islohotlarni boshlab berdi. Yaqinda o‘tgan respublika tanlovida ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi faolligi uchun
Shahrisabz tumani ma’naviyat va ma’rifat kengashi 3-o‘ringa sazovor bo‘lgani ham sohaga qaratilgan yuksak e’tibor samarasidir. Qolaversa, Markazning hududiy bo‘linmalariga qo‘shimcha shtat birliklari ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar qamrovi kengayib bormoqda. Markaz hududiy bo‘linmalari to‘laqonli faoliyat olib borishida esa xizmat shart-sharoitlari muhim ahamiyatga ega.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Lola Saodatovaning ta’kidlashicha, joriy yilda viloyatda faoliyat yuritayotgan ko‘plab ijodkorlarning asarlarini chop ettirish rejalashtirilgan. Masalan, joriy yilda tarix fanlari doktori, professor Poyon Ravshanov qalamiga mansub “Behbudiy haqiqati” kitobini, adib va tarjimon O‘roz Haydarning publitsistik, adabiy-badiiy maqolalardan iborat “Quyoshga qaragan ma’vo” to‘plamini, Qahhor baxshi Qodir baxshi o‘g‘li tomonidan nashrga tayyorlangan, an’anaviy termalar va to‘rtliklardan iborat “Ko‘hna karvon sadolari” kitobini, jurnalist Bekzod Sayfiyevning “Sirli saltanat javohirlari” adabiy-badiiy maqolalar to‘plamini, shoira Momoxol Elmurodovaning “Muhabbatning sehrli nayi” she’riy to‘plamini, yozuvchi Abdulla Boboyorov hikoyalaridan iborat “Qantar ovgan kunlarda” kitobini, jurnalist va adib Abdunabi Abdiyevning publitsistik maqolalar va hikoyalar to‘plamini, qashqadaryolik yosh ijodkorlarning sara ijod namunalaridan tarkib topgan “Yoshlik nafasi” to‘plamini, filologiya fanlari doktori Nafas Shodmonov bilan hammualliflikda “Buyuk Nasafiylar” to‘plamini, adib Temirpo‘lat Tillayevning Langar ziyoratgohi haqidagi kitobini, shuningdek Qashqadaryoning har bir tuman, shahri tarixi, buguni, urf-odat va tarixiy yodgorliklari aks etgan to‘plamlarni nashrga tayyorlash va nashr ettirish mo‘ljallamoqda.
– Ko‘plab kitobxonlar odatda asardagi esda qolarli joylar, mo‘ljalga urilgan iborayu kutilmagan tashbehlarni yon daftariga yozib qo‘yadi. Kitob hoshiyasiga mutolaa asnosida tug‘ilgan fikr-mulohazalarini yozib ketaveradiganlar ham ko‘p. Ba’zi kitoblardan ko‘ra ana shunday izoh va fikrlar qiziq, hatto ahamiyatli ekani rost, – deydi jurnalist Bekzod Sayfiyev. – “Sirli saltanat javohirlari” to‘plamida biz jahon va o‘zbek adabiyotida mashhur asarlardan saralangan fikrlarni, adabiy-badiiy maqolalarimizni jamladik. Binobarin, Dostoyevskiy, Remark, Kafka, Kamyu, Nitsshe, Tolstoy, Balzak asarlaridan tortib o‘zimizning mumtoz va zamonaviy adiblar kitoblari haqidagi qarashlar, iqtiboslar o‘rin olgan. Istagimiz shuki, boqiy fikrlar insonlar hayot yo‘llarini yoritsin, tafakkur olami yanada boyishiga xizmat qilsin.
O‘lmas Barotov, O‘zA.
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.