“Manas” – O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tarkibidagi Qizilsuv Qirg‘iz avtonom okrugida “Manas” XII xalqaro madaniy-turizm festivali bo‘lib o‘tdi. 13-20-iyul kunlari tashkil etilgan an’anaviy festival turkiy xalqlarning umumiy ma’naviy merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy texnologiyalar orqali keng targ‘ib qilish hamda xalqaro madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
“Tinch Pomir – mangu “Manas” shiori ostida o‘tgan festival Qizilsuv xalq hukumati tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbirlar asosiy maydon bilan birga okrugning shahar va tumanlarida ham o‘tkazilib, madaniy meros, turizm va xalq diplomatiyasini uyg‘unlashtirgan keng qamrovli dasturni o‘z ichiga oldi.
“Manas” eposi nafaqat qirg‘iz xalqining bebaho ma’naviy boyligi, balki Markaziy Osiyo xalqlarini mushtarak tarix va qadriyatlar asosida birlashtiruvchi noyob madaniy meros sifatida e’tirof etiladi. U Xitoyning davlat ahamiyatiga molik nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, 2009-yildan buyon YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatidan ham o‘rin olgan. Epos bugungi kunda Xitoyning Shinjon hududi bilan bir qatorda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalgan.

Festival ochilish marosimida Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi vakili Mirad Satbaldiyev “Manas” Qirg‘iziston va Xitoyning umumiy madaniy boyligi ekanini ta’kidlab, mazkur anjuman ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy muloqotni kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi. Shuningdek, u madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
Festival doirasida eposni saqlash va ommalashtirishga qaratilgan bir qator yangi tashabbuslarga start berildi. Jumladan, “Xitoyning yuzta eposi” loyihasi doirasida “Manas”ning jonli ijrosini audio va video shaklida yozib olish ishlari boshlandi. Shu bilan birga, “Manas” teatri mobil ilovasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish loyihasi ham yo‘lga qo‘yildi. Bu tashabbuslar raqamli texnologiyalar orqali eposning yangi avlodga yetkazilishi va xalqaro auditoriyaga kengroq taqdim etilishiga xizmat qiladi.

Marosimda “Manas” madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xitoylik olim va mutaxassislar katta maslahatchi hamda katta ilmiy xodim sifatida tayinlandi. Bu esa nomoddiy madaniy merosni ilmiy asosda muhofaza qilish va uning brendini tizimli rivojlantirishga qaratilgan doimiy ekspertlar mexanizmini shakllantirishga xizmat qiladi.
Festival davomida “Manas” eposini muhofaza qilish, asrash va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazildi. Unda turli mamlakatlardan kelgan olimlar va mutaxassislar eposning ilmiy tadqiqoti, uning avloddan avlodga yetkazilishi hamda zamonaviy targ‘ibot usullari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, turli millatlarning nomoddiy madaniy merosi namunalari ko‘rgazmalari tashkil etildi. IV yosh manaschilar tanlovi esa yosh ijrochilarning mahoratini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va epik an’analarning uzviyligini ta’minlashga xizmat qildi.

Qizilsuvda o‘n ikkinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur festival bugungi kunda nafaqat nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilish, balki madaniy turizmni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va gumanitar aloqalarni kengaytirishning muhim platformasiga aylandi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarda ham madaniy-gumanitar hamkorlik tobora yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari belgilab bergan strategik sheriklik yo‘nalishlari doirasida tarixiy-madaniy merosni asrash, turizmni rivojlantirish, xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Bu jihatdan “Manas” festivali kabi xalqaro anjumanlar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Nilufar Bozorova, O‘zA