Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turishda 48 soatlik konstitutsiyaviy kafolat nimani anglatadi?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga oid muhim konstitutsiyaviy masala yuzasidan qaror qabul qildi. Mazkur qaror insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini ta’minlashda Konstitutsiya ustuvorligining amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.
Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy maslahat kengashi raisining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov shu haqda munosabat bildirdi:
– Konstitutsiyaviy sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (MJtK) 288-moddasi ikkinchi qismidagi huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur bo‘lgan hollarda shaxsni ushlash paytidan boshlab yigirma to‘rt soat ichida prokurorga yozma ravishda ma’lum qilib, uch sutkagacha, huquqbuzarda o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan taqdirda esa prokurorning sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha muddatga ushlab turish mumkinligi haqidagi qoidalarni Konstitutsiyaga muvofiq emas, deb topdi.
Bu bilan Konstitutsiyaning 27-moddasida belgilangan shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi haqidagi kafolatning ma’muriy huquqbuzarliklar sohasida ham ta’minlanishi masalasiga huquqiy aniqlik kiritildi.
Konstitutsiyaviy sudning mazkur qarori inson erkinligini cheklash bilan bog‘liq ma’muriy-huquqiy munosabatlarni Konstitutsiya talablari asosida qayta ko‘rib chiqishning huquqiy asoslarini yanada aniqlashtirdi.
Avvalo, Konstitutsiyadagi 48 soatlik qoidaning mazmunini to‘g‘ri anglash zarur. U davlat organiga shaxsni har qanday holatda 48 soat ushlab turish huquqini bermaydi. Aksincha, bu – sud qarorisiz shaxs erkinligini cheklash mumkin bo‘lgan eng yuqori konstitutsiyaviy chegara.
Demak, shaxsni ushlab turishga bo‘lgan ehtiyoj ikki, uch yoki o‘n soatdan keyin barham topsa, uni 48 soat to‘lgunga qadar ushlab turish mumkin emas. Erkinlikni cheklash har bir holatda qonuniy maqsad, zarurat va mutanosiblik talablariga javob berishi lozim.
Shu ma’noda, 48 soat – davlat organi uchun imtiyoz emas, balki inson erkinligini himoya qiluvchi konstitutsiyaviy chegaradir. Bu chegaraning ahamiyati Konstitutsiyaviy sudning qarorida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Amaliyotda ba’zan 48 soatlik talab asosan jinoyat protsessidagi ushlab turishga taalluqli, degan qarash uchrashi mumkin. Biroq, masalaga inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashilganda, shaxs jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlanganmi yoki ma’muriy huquqbuzarlik munosabati bilan ushlab turilganmi, har ikki holatda ham u muayyan vaqt davomida o‘z xohishi bilan harakatlanish va ketish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, huquqiy tartib-taomillar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo cheklanayotgan asosiy konstitutsiyaviy huquq bitta – insonning erkinlik huquqidir.
Shuning uchun Konstitutsiyadagi kafolatlarning amal qilish doirasini faqat huquqbuzarlikning turiga qarab emas, balki inson erkinligi amalda cheklangan yoki cheklanmaganiga qarab baholash muhim.
Konstitutsiyaning 15 - moddasiga muvofiq, Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Demak, qonun hujjatlari Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi, ularni qo‘llash esa konstitutsiyaviy normalar va prinsiplar asosida amalga oshirilishi lozim.
Konstitutsiyaviy sud qarorining muhim jihati shundaki, inson erkinligini cheklash bilan bog‘liq ma’muriy normalar ham Konstitutsiyada belgilangan oliy huquqiy kafolatlar doirasida bo‘lishi shartligi mustahkamlandi.
Masalaning yana bir muhim jihati — prokuror sanksiyasining huquqiy tabiati. Prokuratura qonuniylikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Biroq, prokuror nazorati bilan sud nazorati bir xil huquqiy institut emas.
Insonni 48 soatdan ortiq erkinligidan mahrum qilish masalasida Konstitutsiya aynan sud qarorini talab qiladi.
Sudning ahamiyati uning mustaqil va xolis huquqiy nazoratni amalga oshirishida. Sud shaxsni ushlab turish uchun qonuniy asos mavjudligini, bunday chora haqiqatan zarurligini va uning inson huquqlariga nisbatan mutanosibligini baholash imkoniga ega.
Shu sababli prokuror sanksiyasi, uning qonuniylikni ta’minlashdagi ahamiyatidan qat’i nazar, Konstitutsiya talab qilayotgan sud qarorining o‘rnini bosa olmaydi.
Bu borada 48 soatlik muddat qachondan hisoblanishi kerak, degan savol tug‘iladi. Bu shaxs haqida bayonnoma tuzilgan, u ichki ishlar yoki boshqa vakolatli organ binosiga olib kelingan vaqtdan emas, balki u amalda erkin harakat qilish imkoniyatidan mahrum etilgan paytdan boshlab hisoblanishi lozim. Aks holda, shaxsni dastlab amalda ushlab turib, keyinroq protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish orqali konstitutsiyaviy muddatning boshlanishini sun’iy ravishda kechiktirish xavfi paydo bo‘ladi.
Inson erkinligi haqida gap ketganda, rasmiy hujjatdagi vaqtdan ko‘ra shaxsning erkinligi amalda qachon cheklangani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi kerak.
Shuning uchun huquqni qo‘llash amaliyotida ushlab turishning haqiqiy boshlanish paytini aniq qayd etish inson huquqlarining muhim protsessual kafolatlaridan biri bo‘lishi lozim.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjat mavjud emasligi uning kimligini aniqlashni qiyinlashtirishi tabiiy. Ayniqsa, davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlashda shaxsni aniq identifikatsiya qilish jiddiy amaliy ahamiyat kasb etadi.
Biroq, ma’muriy yoki tashkiliy qiyinchilikning o‘zi insonning konstitutsiyaviy huquqini uzoq muddat cheklashga o‘z-o‘zidan asos bo‘la olmaydi.
Qolaversa, zamonaviy axborot tizimlari, biometrik ma’lumotlar, idoralararo axborot almashinuvi va boshqa vositalar shaxsni aniqlash jarayonini tezlashtirish imkonini bermoqda.
Shu bois davlat boshqaruvidagi tashkiliy muammolarni inson erkinligini uzoqroq cheklash hisobiga hal etish emas, balki davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish orqali bartaraf etish maqsadga muvofiq.
Bu jarayon qonun ijodkorlari oldiga ham muayyan vazifalarni qo‘yadi. Eng avvalo, ma’muriy yo‘l bilan ushlab turishga oid qonunchilik normalarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 27-moddasida belgilangan kafolatlar bilan tizimli ravishda uyg‘unlashtirish zarur.
Huquqiy davlatda davlat organlarining vakolati inson huquqlariga daxl qilgan joyda Konstitutsiya bilan belgilangan huquqiy chegaralar bilan uyg‘unlashishi kerak. Konstitutsiyaviy sudning qarori ham aynan shu prinsipning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Zero, huquqiy davlatning kuchi insonni qancha vaqt ushlab tura olishi bilan emas, balki uning erkinligini qanchalik ishonchli himoya qila olishi bilan o‘lchanadi.
N.Abduraimova, O‘zA