Ma’muriy bino, yangi bo‘lim ochildi
Sirdaryo viloyati Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida kardiologiya bo‘limi ish boshladi. Tuman tibbiyot xodimlari faolligi tufayli “Tashabbusli byudjet”dan yutib olingan 1 milliard 760 million so‘m mablag‘ hisobiga qurilgan yangi ma’muriy bino tibbiyot xodimlarining quvonchiga quvonch qo‘shdi.
– Maqsadimiz katta, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Akromjon Azizqulov. – Prezidentimiz qarori asosida umumiy statsionar o‘rinlarga qo‘shimcha xo‘jalik hisobidagi bo‘lim ochib, aholiga yanada qulaylik yaratishdir. Tibbiy xizmat ko‘lamini oshirish maqsadida davlat tibbiy xizmat turlari qatorida pullik bo‘limlar faoliyatini ham yo‘lga qo‘yishni reja qilganmiz. Hozir bunga ehtiyoj bor. Agar viloyat markazida joylashgan xususiy klinikalar va ularda ko‘rsatilayotgan xizmat turi narxlaridan ancha arzon xizmat turini yo‘lga quysak, aholimizning ovoragarchiligiga barham beriladi.
Tadbir davomida tibbiyot birlashmasi xodimlari nafaqat tibbiy xizmatda, shu bilan birga pazandachilik, folklor, san’at sohasida ham o‘z iqtidorlarini namoyish etdi. Ular tomonidan tayyorlangan milliy taomlar va namoyish etilgan bayram dasturi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri