Malayziya va Yaponiya o‘rtasida 20 yillik yirik gaz kelishuvi imzolandi
Global gaz inqirozi va Erondagi vaziyat fonida Yaponiya strategik qadam tashladi. Ekspertlar fikricha, Malayziya bilan 20 yillik gaz kelishuvi mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashi mumkin.
Ta’kidlanishicha, Malayziyaning “Petronas” kompaniyasi Yaponiyaning “JERA” energetika korxonasiga 20 yil davomida yiliga 2 million tonna suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib beradi.
2028-yildan kuchga kiradigan ushbu shartnoma Erondagi nizo tufayli yuzaga kelgan global gaz inqirozi sharoitida Yaponiyaning energetik zaxiralarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi xalqaro bozordagi beqarorlik sharoitida Malayziya kabi ishonchli sherik bilan hamkorlik juda muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, tomonlar o‘g‘it xomashyosi va foydali qazilmalar ta’minoti zanjirini mustahkamlashga kelishib oldilar.
Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning ma’lum qilishicha, ikki davlat o‘zaro savdoda milliy valyutalar (ringgit va iyena) dan foydalanishni kengaytiradi. Bundan tashqari, tomonlar sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, mudofaa va yashil energetika sohalarida ham hamkorlikni davom ettiradi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA