Maktab ta’limida o‘zgarishlar davri boshlandi
Maktab ta’limi tizimida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘qituvchilarga ulkan imkoniyatlar yaratildi. Qator imtiyozlar berildi, xizmat doirasiga kirmaydigan barcha yumushlardan ozod qilindi. Yanada ahamiyatlisi o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Viloyat misolida taqqoslab ko‘radigan bo‘lsak, 2016 yilda viloyatda 536 maktabda 22871 nafar pedagog kadrlar asosiy shtatda va 687 nafar o‘rindosh sifatida faoliyat olib borgan. Pedagoglarning atigi 633 nafari oliy, 4048 nafari 1-toifali, 9047 nafari 2-toifali, 9143 nafari esa mutaxassis malaka toifalariga ega bo‘lgan. Tizimda erkak o‘qituvchilar soni atigi 5486 nafarni tashkil etgan. Ta’lim-tarbiya – mamlakat e’tiboridagi eng ustuvor masalaga, o‘qituvchi esa jamiyatning nufuzli va obro‘li vakiliga aylangan bugungi kunga kelib, viloyatdagi oliy toifali o‘qituvchilar soni 2940 nafardan 4142 nafarga, birinchi toifali o‘qituvchilar soni 7112 nafardan 9126 nafarga oshdi. Shuningdek, toifasiz mutaxassis pedagoglar soni 8646 nafardan 6299 nafarga, o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagoglar soni 1708 nafardan 1612 nafarga kamayishiga erishildi.
Umumta’lim maktablarida erkak o‘qituvchilarning soni 2016 yilga nisbatan 1 612 nafarga oshib, 7 099 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich umumiy o‘qituvchilar soniga nisbatan 24,8 foizni tashkil etmoqda. Chet tili, IT, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etilayotgani natijasida bugun viloyatda ming AQSH dollaridan ortiq maosh oladigan o‘qituvchilar soni 100 nafardan oshdi. 177 nafar o‘qituvchiga vazir jamg‘armasidan qo‘shimcha ustamalar to‘lanmoqda. Maktablarda o‘quvchilarga ikki til va bir kasb o‘rgatish tizimini yanada takomillashtirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, maktab infratuzilmasini yaxshilashda mahalliy hokimliklar mas’uliyatini yanada oshirish lozimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqarishi e’lon qilindi. Oliygohga kirish ishtiyoqida bo‘lgan 10-11 sinf o‘quvchilariga endilikda “kimyo – biologiya”, “matematika – fizika”, “matematika – chet tili”, “ona tili va adabiyot – chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi o‘quvchilarga esa maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyati yaratiladi. Davlatimiz rahbari o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish haqida fikr bildirib, o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham to‘liq o‘zgarishini qayd etdi. Bundan buyon o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida amalga oshirilib, ilk bor qabul qilingan nomzodlar bir yil o‘qituvchi-stajyor bo‘lib ishlaydi va yil yakuni bilan kasbiy sertifikat olishi lozim bo‘ladi. Bu yosh mutaxassislarning o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. O‘qituvchilar malakasining tabaqalashgan holda oshirilishi, muallimlarga malaka toifasini berish ikki bosqichda amalga oshirilishi ham pedagoglarimizni o‘z ustida tinimsiz izlanishi, kasbiy bilim va tajribasini oshirishga undaydi.
Bu yangilanishlar, shubhasiz, maktab ta’limida keskin yuksalishlar davrini boshlab beradi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, maktab ta’limini yanada yaxshilash maqsadi yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlarning natijasi, avvalo, pedagoglarning mehnatiga bog‘liq. Bu yo‘lda buxorolik pedagoglar ham bor bilimi va salohiyatini, kuch-g‘ayratini safarbar etib, xalqimiz va davlatimiz rahbari bildirgan ishonchni oqlashga astoydil bel bog‘lagan.
Farrux Qurbonov,
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA