Maktab o‘quvchilari uchun qanday elektron platformalar bor?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar uchun elektron resurslarni ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Unda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK tomonidan foydali onlayn resurslar, platforma va portallar uchun qo‘shimcha elektron kontentlar ishlab chiqildi hamda keng ommalashtirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, o‘quvchilar darslarni o‘zlashtirishi va takrorlashi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, shuningdek maktabdan tashqari ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida Maktab.uz masofaviy ta’lim platformasi ishlab chiqilgan.
bugungi kunda Maktab.uz portaliga Xalq ta’limi vazirligi uchun “Onlayn maktab” telekanallari uchun ishlab chiqilgan 1-11 sinflarga mo‘ljallangan 7 ming 500 dan ortiq maktab o‘quv dasturi bo‘yicha tayyorlangan videodarslar hamda ularning 2 ming 400 dan ortiq taqdimotlari yuklangan.
Bundan tashqari 2021 yil davomida 1-4 sinflar uchun 7 ta fandan jami 84 ta animatsion videodars ko‘rinishidagi resurslar, 5-8 sinflar uchun 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 dan ortiq, 9-11 sinflar uchun 12 ta yo‘nalish bo‘yicha 250 dan ortiq videodarslar maktabdan tashqari ta’lim kontenti sifatida ishlab chiqilgan va Maktab.uz portaliga bosqichma-bosqich joylanadi. Shuningdek, portalda hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan qo‘shimcha elektron ta’lim resurslari ham joylashtirib borilmoqda.
– O‘quvchilarda kitobxonlikni yanada ommalashtirish maqsadida Kitob.uz portalini targ‘iboti natijasida joriy yil yanvar oyida portalga tashrif buyuruvchilar soni 16 mingtani tashkil qilib, ularning 93 foizi yangi tashrif buyuruvchilar hisobiga to‘g‘ri keldi, – dedi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov. – Kitob.uz – 4000 taga yaqin elektron va audio kitoblarni o‘z ichiga olgan bepul onlayn kutubxona hisoblanadi. Shuningdek, kitob.uz portali mobil ilovalarning yuklab olishlar sonida ham keskin ko‘tarilishlar yuz berib, Android va iOS mobil versiyalari hisobida umumiy yuklab olishlar soni qariyb 20 ming martani tashkil qilmoqda.
“EduKids” loyihasi doirasida yaratilgan 100 dan ortiq ilmiy-ommabop animatsion dayjestlarni keng ommaga targ‘iboti natijasida telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida joylashtirib borilayotgan dayjestlarning o‘rtacha ko‘rilish soni 50 mingtani tashkil qilmoqda.
“EduKids” – o‘quvchi-yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yosh avlodni kelajakda muvaffaqiyatga erishish va o‘z ustida ishlashga chaqirish, shuningdek o‘quvchilarda ma’lum bir mavzular bo‘yicha aniq tasavvurini shakllantirish, unda ota-onalar, jamiyat va o‘qituvchilarning rolini yanada oshirishni maqsad qilgan 100 dan ortiq ilmiy-ommabop animatsion dayjestlar to‘plamidir.
“Smartland” ta’lim platformasi mobil ilovalarini qishki ta’til davrida yuklab olishlar soni 5 ming 774 tani (Google Play) va 100 tani (App Store) tashkil etadi. “Smartland” loyihasi 15 ta fan bo‘yicha rus va o‘zbek tillaridagi 136 ta o‘yin hamda 2008 ta mashqlarni o‘z ichiga olgan interaktiv virtual ta’lim platformasi hisoblanadi. Mazkur ta’lim platformasining iOS va Android operatsion tizimlari uchun mo‘ljallangan mobil ilovasi ishlab chiqilgan.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA