“Maktab maslahatchisi” qanday ishlarni amalga oshiradi?
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarida yangi lavozim joriy etildi. Bu haqida Agentlik matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
Matbuot xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchilarini hayotga va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlashni inobatga olgan holda Prezident maktabi o‘quvchilarida hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, o‘z qiziqish va iqtidoriga mos kasbni tanlashda yo‘nalish berish maqsadida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Agentlik tomonidan “Maktab maslahatchisi” - “School Counselor” dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilib, 2021-2022-o‘quv yilidan Prezident maktablarida joriy qilinmoqda.
- Bu lavozimni joriy etishdan maqsad ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha individual maslahatlar berish, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirish, oliygohlarga hujjat topshirish va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berish, shuningdek, ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yo‘naltirishdan iborat, - deydi D.Sobirova.
Bundan tashqari, ular uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unda maktab maslahatchilari o‘z ishini to‘g‘ri tashkil qilishlari uchun ularga bosqichma-bosqich yo‘riqnoma ham ko‘rsatilgan.
Yo‘riqnomada 14-18 yoshli o‘quvchilarga o‘qishga qabul qilinishida zaruriy hujjatlarini (ya’ni, reference letter, application, essay “ma'lumotnoma, ariza, insho”) tayyorlash, belgilangan muddatlar, shuningdek, top 300 talikka kiruvchi universitetlar to‘g‘risida ma’lumot berish, to‘liq grantlarni qo‘lga kiritish yuzasidan amaliy mashg‘ulotlarni olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Maktab maslahatchisining vazifalari sifatida sohada muvaffaqiyatga erishgan kasb egalari bilan mahorat darslari, uchrashuvlar tashkil etish, ta’lim iste’molchilari qiziqish bildirgan sohalari bo‘yicha amaliy ekskursiya va tanishuv turlarini amalga oshirish, maktab psixologi bilan hamkorlikda o‘quvchilar yoshi, psixofiziologik xususiyati, qobiliyati va iqtidoriga ko‘ra hayotda o‘z yo‘nalishini to‘g‘ri tanlay olishiga ko‘maklashish, Prezident maktabi o‘quvchilarida milliy va an’anaviy qadriyatlarga bo‘lgan hurmat, iftixorni rivojlantirish maqsadida maktabda IT, kichik tadqiqotchilik, milliy hunarmandchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilish va ularni samarali amalga oshirishdan iborat.
Mazkur dastur muvaffaqiyatli o‘tgach, ijobiy tajriba umumta’lim maktablariga translyatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA