Maktab ko‘chat yetishtirishdan 150 million so‘m daromad olmoqda
Farg‘ona viloyati Quva tumani mirishkorlari mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari yetishtirish borasida katta tajribaga ega. Yilda bu yerda o‘rtacha 50 million donadan ortiq ko‘chat yetishtirilib, yurtimiz hududlariga, shu bilan birga qo‘shni davlatlarga yetkazib berilmoqda. E’tiborli jihati, bugungi kunda ta’lim maskanlarida ham yashil hududlar ko‘payib, ko‘chatchilik borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda.
“Katta Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 51-umumta’lim maktabi shunday obod ta’lim maskanlaridan biri. Muassasa direktori G‘ulomjon Botirov tashabbusi bilan bu yerda yaxshi tajriba yaratildi. Maktab hududida bugungi kunda 2 gektardan ortiq maydon ko‘kalamzorlashtirilgan, manzarali daraxtlar hamda gullar maktab hovlisini bezab turibdi. Obodonlashtirish ishlarini sifatli tashkil etish uchun quduq qazib suv chiqarilgan. Joriy yilgi kuzgi daraxt ekish mavsumida 17 ming tupdan ziyod katalpa, yasen, tut, mimoza, zarang qalamchalari o‘tqazildi. Mazkur ko‘chatlar kelgusi yili maktab byudjetiga 150 million so‘mdan ziyod foyda keltiradi hamda mablag‘ maktab obodligi uchun sarflanadi.
[gallery-14172]
–Ko‘chat yetishtirish xalqimizning ezgu amali bo‘lib, har birimiz yoshlarga o‘rnak bo‘lishimiz kerak, –deydi maktab direktori G‘ulomjon Botirov.–Prezidentimizning tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” loyihasi bizga katta kuch berdi. Maktabga kirib kelgan kishi yashillikni ko‘rib, dili yayraydi. Shu bilan birga u qo‘shimcha daromad manbaidir.
Mazkur maktabda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumiga bag‘ishlab viloyat seminari tashkil etildi.
Viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining ta’lim sohasidan mas’ul o‘rinbosarlari, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari, ta’lim muassasalari rahbarlari qatnashgan seminarda viloyat ta’lim muassasalarida kuzgi daraxt ekish mavsumini namunali tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Yashil makon” dasturini ta’lim muassasalarida muvaffaqiyatli tashkil etish yashil hududlarni ko‘paytirish, ekologiyani yaxshilash bilan birga, bolalarda yoshlikdan tabiatga, daraxt ekishga, gul o‘stirishga havas uyg‘otishini, bu esa kelajakda bu boradagi ishlarning davomiyligini hamda samaradorligini ta’minlashini ta’kidladi.
Seminar qatnashchilari, shuningdek, tumandagi 21- umumta’lim maktabida bo‘sh maydonlardan ko‘chatchilik orqali samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdilar.
Bu muassasa tasarrufida bo‘lgan 1,2 gektar maydonda manzarali daraxtlar hamda mavsumiy gul ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. 700 tupga yaqin meva ko‘chatlari hosilga kirib ulgurdi. Kuzgi daraxt ekish mavsumida 17 ming ko‘chat va qalamchalar ekilishi ta’minlandi. Ko‘chatlarni sotishdan kelayotgan daromad maktabni joriy ta’mirlash, muassasa hududini obodonlashtirish ishlariga sarflanmoqda.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat), O‘zA muxbirlari