Makron: Tezroq amaliy ishga o‘tish kerak
Fransiyaning Nitssa shahrida BMT tashabbusi bilan tashkil etilgan okeanlar bo‘yicha uchinchi xalqaro konferensiya ish boshladi. Ekologiya bilan bog‘liq global muammolarni bartaraf etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam hisoblangan mazkur anjumanda 60 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, yetakchi olimlar, nodavlat tashkilotlar va biznes-doira vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – global isish, ifloslanish va manbalardan nomutanosib foydalanish oqibatida inqirozga yuz tutayotgan okean ekotizimini asrab qolishga qaratilgan aniq amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Mutaxassislar anjuman arafasida tayyorlagan hujjatda ummonlarni muhofaza qilish bo‘yicha 10 ustuvor tavsiya ilgari surilgan. Ayni jarayonda okean tubidan foydali qazilmalar qazib olishni to‘liq taqiqlash va mamlakatlar yurisdiksiyasiga kirmaydigan suv hududida biologiya xilma-xilligidan adolatli foydalanish masalasi alohida o‘rin tutadi.
Sammit davomida ekologlar chuqur dengiz resurslaridan foydalanish bo‘yicha moratoriyni kengaytirish zarurligini yana bir bor ta’kidlashdi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbusni hozircha 30 davlat qo‘llab-quvvatlagan. U qolgan davlatlarni ham global tashabbusni yoqlab chiqishga chaqirdi.
Darvoqe, yer yuzidagi eng yirik dengiz davlati – AQSH ushbu muhim tadbirga hukumat delegatsiyasini yubormagan. Farang davlati yetakchisi bu holatni tanqid qilib, mazkur mamlakat iqlim masalasi bo‘yicha moddiy yordam mexanizmidan chiqib ketganini keskin qoraladi. Uning ta’kidlashicha, “...negaki xalqaro ilm-fan hamon ko‘p jihatdan Amerika moliyasiga tayanadi”.
Rasmiy darajada ishtirok etmagan bo‘lsa-da, Qo‘shma Shtatlarning ayrim qirg‘oq shaharlari vakillari anjumanda shaxsan qatnashish uchun Nitssaga kelgan. Demak, okean ortida ham ekologik xavotir yuqori.
K.Bekjonov, O‘zA