Majburiy ijro tizimida 36,3 trillion so‘mlik undiruv amalga oshirildi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan joriy yil o‘tgan davrida qanday ishlar amalga oshirildi?
Bu savolga MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov javob berdi:
– Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan 36,3 trillion so‘mlik undiruv amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,7 trillion so‘mga ko‘p.
Undirilgan mablag‘larning 25,6 trillion so‘mi davlat foydasiga, 9,7 trillion so‘mi tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar foydasiga, 1 trillion so‘mdan ortig‘i esa fuqarolar manfaatlari yo‘lida yo‘naltirildi. Shuningdek, 1,3 millionta ijro hujjati axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali soddalashtirilgan tartibda ijro etildi.

Ijtimoiy yo‘nalishdagi ijro hujjatlari bo‘yicha ham muhim natijalar qayd etildi. Xususan, 2 trillion so‘m aliment mablag‘i undirildi. 346 nafar fuqaroga Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan 18,6 milliard so‘m to‘lab berildi.
Manzilli ishlar natijasida 13,4 ming nafar fuqaro ishga joylashtirildi. 7,1 mingdan ortiq oila yarashtirildi. Shuningdek, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 344 nafar fuqaro ishga tiklanib, ularga 15,2 milliard so‘mlik ish haqi undirib berildi.
Byuro faoliyatini raqamlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Bugungi kunda 36 ijro harakatining 22 tasi, shuningdek, qabul qilingan 53 million qarorning 73 foizi inson omilisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.
Raqamlashtirish natijasida bir nafar davlat ijrochisining oylik ish samaradorligi 2021-yildagi 113 tadan 338 tagacha, ya’ni 3 barobarga oshdi.
N.Abduraimova,
O‘zA